Tojikistonda kuchli yog‘ingarchilik qurbonlari soni 20 dan oshdi
Olam
−
30 avgust 2023
5435Tojikistonda kuchli yog‘ingarchilik oqibatida halok bo‘lganlar soni 21 nafarga yetdi. Bu haqda “Asia-Plus” xabar berdi.
Aniqlanishicha, Vahdat shahrida yana ikki nafar shaxsning, Varzob viloyatida ikki kishining jasadi topilgan. Ularning orasida 40 kunlik chaqaloq ham bor.
Favqulodda vaziyatlar qo‘mitasi matbuot xizmati rahbari Umid Yusufga ko‘ra, Vahdat shahrida umumiy hisobda 17 kishi, Rudakiy va Varzob viloyatlarida esa ikki nafardan odam halok bo‘lgan.
Uning aytishicha, Vahdat shahrini tiklash ishlari uchun qo‘mita hisobidan 3 tonna, Hisor shahriga 2 tonna dizel yoqilg‘isi ajratilgan.
Hozirda Vahdat-Romit avtomobil yo‘li to‘liq loy va toshlardan tozalanib, uning bo‘ylab harakatlanish tiklangan. Voqea joyida mahalliy favqulodda komissiyalar ishlamoqda va yetkazilgan zarar miqdori aniqlanmoqda.
Eslatib o‘tamiz, kuchli yog‘ingarchilik Tojikistonda 27 avgust kuni boshlangandi. Dushanbe, Vahdat va Hisor shaharlari, shuningdek, Rudakiy, Varzob, Devashtich, Rasht, Sangvor va Tojikobod tumanlari sel va ko‘chkilardan jiddiy zarar ko‘rgan. Avvalroq yog‘ingarchilik qurbonlari 17 nafarga yetganini ma’lum qilgandik.
LiveBarchasi