Tojikistonda qirg‘iz harbiylariga qarshi jinoiy ish qo‘zg‘atildi

Olam

image
Tojik-qirg‘iz mojarosi: Otunbayeva otishmalarga tashqi kuchlar aloqadorligini aytmoqda north_east

Tojik-qirg‘iz mojarosi: Otunbayeva otishmalarga tashqi kuchlar aloqadorligini aytmoqda

Tojikiston Bosh prokuraturasi Qirg‘iziston bilan chegaradosh Isfara shahrining Chorkux qishlog‘iga qilingan hujum uchun qirg‘iz harbiy xizmatchilariga qarshi jinoiy ish qo‘zg‘adi. Bu haqda bugun, 3 may kuni mamlakat Bosh prokuraturasi Matbuot xizmati xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, Tojikiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining teshigli moddalari bilan chegaradagi mojaro yuzasidan bir qator qirg‘izistonlik fuqaro va harbiylarga jinoiy ish ochilgan.

“2021 yil 29 aprelda Tojikiston Respublikasi Bosh prokuraturasi Qirg‘izistonning bir guruh harbiylari va fuqarolariga nisbatan mamlakat Jinoyat Kodeksining 395-moddasi 2-qismi (agressiv urush ochish yoki olib borish) hamda 104-moddasi 2-qismi (ikki yoki undan ortiq kishini o‘ldirish) bilan jinoiy ish qo‘zg‘atdi”, deyiladi xabarda. 

Prokuratura ma’lumotlariga ko‘ra, hozirgi vaqtda tergov-tezkor guruhi tuzilgan va surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

Xabarda aytilishicha, 29 aprel kuni mahalliy vaqt bilan soat 23:00 atrofida bir guruh qirg‘iz chegarachilari 200 ga yaqin aholi hamrohligida Isfara shahri Chorkux qishlog‘i yaqinidagi Xo‘jay Alo punktiga kelgan. U yerda tojik muhandislari videokameralar o‘rnatayotgan bo‘lgan. Manzilga yetib kelgan qirg‘izlar Tojikiston fuqarolariga tosh otishni boshlagan. 

Matbuot xizmatiga ko‘ra, aynan ushbu provokatsiya keyinchalik, tartibsizliklarga aylanib ketgan. Ularni tartibga chaqirish uchun Tojikistonning Isfara shahri hokimi Bahovuddin Bahodurzoda boshchiligidagi huquqni muhofaza qilish organlari xodimlari yetib kelgan, ammo qirg‘izlar ularni o‘qqa tutishni boshlagan. Buning oqibatida Isfara shahri hokimi, huquq-tartibot idoralari xodimlari va mahalliy aholi jarohat olgan.

“Yuqorida aytib o‘tilgan qirg‘izlar yana ko‘p sonli harbiy xizmatchilar, qurollangan mahalliy aholi va harbiy texnikadan iborat yordamchi kuchlar bilan kelib, Tojikiston aholisi, infratuzilmasi va chegara punktlariga hujum qildi”, deyiladi Tojikiston Bosh prokuraturasi bergan bayonotda. 

Qayd etilishicha, yuqoridagi zo‘ravonlik oqibatida bir necha kishi halok bo‘lgan, o‘nlab odamlar jarohat olgan, ko‘p sonli uylar va boshqa inshootlar yonib ketgan hamda fuqarolarga, davlatga moddiy zarar yetkazilgan.

Shu munosabat bilan, Tojikiston Bosh prokuraturasi ushbu harakatlarni BMT Ustavi yoki boshqa xalqaro shartnomalarga mos kelmaydi deb hisoblab, ularni tajovuz sifatida baholamoqda.

Qirg‘iz-tojik chegarasidagi mojaro

Joriy yilning 28 aprel kuni Tojikiston tomoni “Golovnaya” suv taqsimlash punkti yonidagi elektr ustuniga videokameralar o‘rnatishni boshlagan. Bundan norozi bo‘lgan qirg‘izlar kameralarni olib tashlashni so‘ragan. Shu bilan 28 aprel kuni ikki tomon o‘rtasida dastlab, og‘zaki haqorat va aytishuvlar so‘ngra, bir-biriga tosh otish boshlangan.

Keyinchalik mojaroga ikki tomon chegara qo‘shinlarining aralashuvi oqibatida toshbo‘ron otishmaga aylanib ketdi. Vaziyatning keskinlashishi ortidan ikki mamlakat chegara tomon qo‘shimcha harbiy bo‘linmalar yubordi

Qirg‘iziston Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov 29 aprel kuni Qirg‘iziston hukumati a’zolari bilan Botken viloyatidagi davlat chegarasining qirg‘iz-tojik qismidagi vaziyat bo‘yicha tezkor yig‘ilish o‘tkazdi. Bishkekda esa botkenliklarni qo‘llab-quvvatlash uchun namoyish boshlandi.

O‘z navbatida, O‘zbekiston ikki qo‘shni respublika chegarasidagi mojaroga munosabat bildirib, tomonlarni to‘qnashuvlarni darhol tugatish, vaziyatni barqarorlashtirish bo‘yicha qo‘shma choralarni ko‘rish va ziddiyatlarning yanada oshishiga olib kelishi mumkin bo‘lgan harakatlardan tiyilishga chaqirdi.

29 aprel kunining birinchi qismida boshlangan ikki o‘rtadagi otishma tomonlarning sa’y-harakatlari bilan kunning oxirida to‘xtatildi

Biroq, 29 aprel kuni tuzilgan o‘q uzishni to‘xtatish to‘g‘risidagi sulh uzoqqa bormadi. Ertasi kuni, ya’ni 30 aprelda yana harbiy harakatlar boshlangani haqida xabarlar paydo bo‘la boshladi.

Shu kunning o‘zida Japarov va Rahmon telefon orqali suhbatda may oyining ikkinchi yarmida Dushanbeda yuzma-yuz uchrashuv o‘tkazishga kelishib olgan edi.

1 may kuni ikki davlat Milliy xavfsizlik qo‘mitalari rahbarlari chegara hududida uchrashib, o‘t ochishni butunlay to‘xtatishga kelishib oldi.

Shuningdek, Qirg‘iziston Ichki ishlar vazirligi Tojikiston bilan chegaradagi mojaro tojik tomoni suv inshooti oldida kuzatuv kameralarini o‘rnatishni boshlashi ortidan boshlanganini ma’lum qildi.

2 may kuni Qirg‘iziston va Tojikiston harbiylar va harbiy texnikani chegaradagi qurolli to‘qnashuv zonasidan olib chiqishni boshladi.

Keyinchalik, Rasmiy Bishkek va Dushanbe chegaraning umumiy qismini tavsiflash jarayonini faollashtirishga kelishib olgani ma’lum qilindi.

Davlat chegarasini muhofaza qilish bosh boshqarmasi boshlig‘ining o‘rinbosari Nazarali uulu Talantbek Qirg‘iziston va Tojikiston o‘rtasidagi nazorat punktlari vaqtincha yopilganini ma’lum qildi.

Shundan so‘ng, Qirg‘iziston Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov qirg‘iz-tojik davlat chegarasidagi vaziyat barqarorlashishi munosabati bilan qirg‘iz xalqiga murojaat qildi.

3 mayga kelib esa ikkala tomon ham o‘z harbiy kuchlarini chegara chizig‘idan olib chiqishni yakunladi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

115

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing