Tojikiston harbiylari va zaxiradagi askarlar “xavf” signali bilan oyoqqa turg‘izildi
Olam
−
22 iyul 2021
16961Bugun, 22 iyul kuni soat 4:00 da Tojikistonning barcha harbiy garnizonlari "xavf" signali bilan oyoqqa turg‘izildi. Bunga mamlakat bo‘ylab bir kunlik “Marz-2021” harbiy mashg‘ulotlari o‘tkazilishi sabab bo‘ldi. Xavotir signali Tojikiston Qurolli kuchlari Oliy Qo‘mondoni, mamlakat Prezidenti Imomali Rahmon topshirig‘i bilan berildi.
Mashqlarda 100 mingdan ortiq askar va ofitserlar, Mudofaa vazirligi, Milliy gvardiya, Ichki ishlar vazirligi, Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi va boshqa kuch tuzilmalari, shuningdek, milliy armiyaning 130 mingga yaqin zaxiradagi harbiy xizmatchilar qatnashadi.
Mudofaa vaziri general-polkovnik Sherali Mirzo, Dushanbe shahar meri Rustam Imomali, Tog‘li Badaxshon avtonom viloyati boshlig‘i zaxiradagi podpolkovnik Yodgor Fayzov, So‘g‘d viloyati rahbari zaxiradagi polkovnik Rajabboy Ahmadzoda va Xatlon viloyati rahbari zaxiradagi polkovnik Qurbon Hakimzoda Prezidentga harbiy garnizonlarning tayyorligi to‘g‘risida axborot bergan.
Mashg‘ulotlarda Tojikiston Qurolli Kuchlari arsenalida mavjud bo‘lgan qurol-yarog‘lar, zirhli texnika, jangovar va transport samolyotlari, artilleriya va transport vositalari harakatga keltirildi.
Mashqlar yakunida Tojikiston Milliy gvardiyasi hududida harbiy parad o‘tkazildi. Unda 10 mingdan ortiq askar va zobitlar, harbiy texnika tantanali marsh o‘tkazgan.
Imomal Rahmon mamlakat hukumatining xavfsizlik bloki rahbariyati oldida so‘zlagan nutqida armiyaning barcha askarlari va zobitlari, milliy Qurolli kuchlarning zaxiradagi harbiylariga mashg‘ulotlarni tezkorlik bilan o‘tkazgani uchun minnatdorlik bildirgan. U bunday mashg‘ulotlarni yilda 1-2 marta o‘tkazish muhimligini ta’kidlagan.
Rahmon bunday keng ko‘lamli harbiy mashg‘ulot Tojikistonda ilk bor o‘tkazilayotganini qo‘shimcha qilgan. Bunday mashg‘ulot o‘tkazilishiga qo‘shni Afg‘onistonda vaziyatning keskinlashuvi sabab bo‘lgan.
Prezident Imomali Rahmon harbiy parad ishtirokchilariga so‘zlagan nutqida Tojikiston hukumati mamlakatda tinchlik va barqarorlikni ta’minlash uchun barcha choralarni ko‘rishini aytdi.
Shu bilan birga, u Afg‘oniston inqirozini kuch bilan yengib bo‘lmasligini, faqat tinchlik muzokaralari va urushayotgan tomonlarning roziligi Afg‘oniston zaminida tinchlik va totuvlikni tiklashi mumkinligini ta’kidladi.
Avvalroq, Tojikistonning Jayxun tumanida afg‘onistonlik qochqinlar uchun vaqtinchalik markaz qurilishi haqida xabar bergan edik.
Faollashgan “Tolibon” va Afg‘onistondagi keskinlik
Afg‘onistondagi xavfsizlik bilan bog‘liq vaziyat joriy yilning aprelida AQSH Prezidenti Jo Baydenning respublikada Amerika qurolli kuchlarining operatsiyasi yakuniga yetganini e’lon qilganidan so‘ng, ancha yomonlashdi.
Joriy yilning 13 iyul holatiga ko‘ra, Qo‘shma Shtatlar o‘z qo‘shinlarining 95 foizidan ko‘prog‘ini Afg‘onistondan olib chiqib ketib bo‘ldi. Bu jarayon 31 avgustga qadar yakunlanishi kutilmoqda. Shtatlar kabi NATOning boshqa a’zolari ham Afg‘onistonni tark etmoqda. Jumladan, Italiya, Avstraliya va Germaniya kuchlari, allaqachon, mamlakatdan chiqib ketgan.
Xorijiy qo‘shinlarning Afg‘onistonni tark etishi fonida “Tolibon” harakati mamlakat hududlari ustidan nazoratni o‘rnatish maqsadida hujumlarni kuchaytirmoqda. Toliblarning ta’kidlashicha, ular ayni paytda Afg‘onistonning 85 foizini nazorat qilmoqda. Bundan tashqari, harakat kuchlari bir qator qo‘shni davlatlar — Turkmaniston, Tojikiston, Eron va Pokiston bilan chegarada joylashgan nazorat punktlarini ham egallab olgan. Shunday bo‘lsa-da, harakat vakillari Afg‘onistondan tashqariga chiqmasliklarini va qo‘shni davlatlarga xavf solmasliklarini qayta va qayta ta’kidlamoqda.
LiveBarchasi