“Tolibon” hech O‘zbekiston yoki Tojikiston chegarasini buzishga uringanmi, aqalli bir o‘q uzganmi?

Olam

image_2021-07-21_17-33-34

“Tolibon” jangarilari tomonidan Afg‘onistonning O‘zbekiston yoki Tojikiston bilan chegarasini kesib o‘tishga qaratilgan biron bir urinish yoki faktlar mavjud emas. Bu haqda kecha, 20 iyul kuni Rossiya Prezidentining Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili Zamir Kabulov aytib o‘tdi.

“Tolibon” bo‘linmalarining Tojikiston yoki O‘zbekiston chegaralarini kesib o‘tgani yoki hatto bunga urinib ko‘rgani bo‘yicha biron bir fakt yo‘q”, deydi Rossiya Prezidenti maxsus vakili hamda Tashqi ishlar vazirligining ikkinchi Osiyo departamenti direktori Zamir Kabulov “Valday” xalqaro munozara klubida bo‘lib o‘tgan onlayn-munozarada.

Foto: Zamir Kabulov

Maxsus vakilning so‘zlariga ko‘ra, Afg‘oniston hukumati askarlarining qo‘shni respublikalarga qochib o‘tishi vaziyatning tinchib ketishiga yordam bergan. 

“Siz o‘z pozitsiyasini tashlab, O‘zbekistonga qochib o‘tgan 100 dan ortiq Afg‘oniston hukumatining harbiy xizmatchilari haqida eslab o‘tdingiz. Bundan tashqari, kamida yana 1600 [afg‘onistonlik] harbiy xizmatchilar qochib, Tojikiston hududiga o‘tib ketgandi. Mayli ular o‘tishga o‘tib ketdi, shu bilan vaziyat tinchidi. Biroq muammo shundaki, ular Panj daryosi orqali Tojikiston hududiga o‘tib olgach, u tomondan turib toliblar otryadlarini o‘qqa tuta boshladi. Bu haqda “Tolibon” vakillari Moskvaga kelganida ma’lum qildi. Ularning aytishicha, toliblar o‘sha vaqtda o‘zlarining rahbarlaridan Tojikiston tomoniga qarata javob o‘qini uzmaslik buyrug‘ini olgan. Aslida voqea mana shunday ko‘rinishda bo‘lgan”, deydi Zamir Kabulov.

Diplomatning qo‘shimcha qilishicha, toliblar qo‘shni respublikalar ularni qiziqtirmasligini rasmiy Moskvaga 7 yildan beri aytib kelmoqda. “Hozircha bizda shubha qilish uchun asos yo‘q”, deydi Rossiya Prezidenti maxsus vakili.

Qayd etish kerakki, Zamir Kabulov “Tolibon” harakati Afg‘onistonni egallab olishi mumkinmi degan savolga quyidagicha javob bergan:

“Agar milliy yarashuv jarayonida haqiqiy harakat bo‘lmasa, Afg‘onistondagi harbiy-siyosiy muvozanat “Tolibon” harakati foydasiga qayta shakllanadi. Va toliblarning mamlakatda hokimiyatni zo‘ravonlik bilan qo‘lga kiritishi juda haqiqiy istiqbolga aylanadi”.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 17-18 iyul kunlari Qatar poytaxti Dohada Afg‘onistondan borgan yuqori darajadagi delegatsiya va “Tolibon” vakillarining ikki kunlik uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Natijada, tomonlar tinchlik muzokaralarini davom ettirish bo‘yicha qisqa bayonot qabul qildi. Biroq o‘q uzishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvga erishilmadi.

Faollashgan “Tolibon” va Afg‘onistondagi keskinlik

Afg‘onistondagi xavfsizlik bilan bog‘liq vaziyat joriy yilning aprelida AQSH Prezidenti Jo Baydenning respublikada Amerika qurolli kuchlarining operatsiyasi yakuniga yetganini e’lon qilganidan so‘ng, ancha yomonlashdi. 

Joriy yilning 13 iyul holatiga ko‘ra, Qo‘shma Shtatlar o‘z qo‘shinlarining 95 foizidan ko‘prog‘ini Afg‘onistondan olib chiqib ketib bo‘ldi. Bu jarayon 31 avgustga qadar yakunlanishi kutilmoqda. Shtatlar kabi NATOning boshqa a’zolari ham Afg‘onistonni tark etmoqda. Jumladan, ItaliyaAvstraliya va Germaniya kuchlari, allaqachon, mamlakatdan chiqib ketgan.

Xorijiy qo‘shinlarning Afg‘onistonni tark etishi fonida “Tolibon” harakati mamlakat hududlari ustidan nazoratni o‘rnatish maqsadida hujumlarni kuchaytirmoqda. Toliblarning ta’kidlashicha, ular ayni paytda Afg‘onistonning 85 foizini nazorat qilmoqda. Bundan tashqari, harakat kuchlari bir qator qo‘shni davlatlar — Turkmaniston, Tojikiston, Eron va Pokiston bilan chegarada joylashgan nazorat punktlarini ham egallab olgan. Shunday bo‘lsa-da, harakat vakillari Afg‘onistondan tashqariga chiqmasliklarini va qo‘shni davlatlarga xavf solmasliklarini qayta va qayta ta’kidlamoqda.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

337

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing