“Tolibon” faollashuvi fonida Qatarda afg‘onlararo muzokaralarning yangi bosqichi boshlandi
Olam
−
17 iyul 2021
5045Bugun, 17 iyul kuni Qatar poytaxti Dohada afg‘onistonlik yuqori martabali siyosatchilar ishtirokida afg‘onlararo muzokaralarning yangi bosqichi boshlandi. Bu haqd RIA Novosti xabar bermoqda.
Ma’lum qilinishicha, muzokaralar yopiq eshiklar ortida o‘tmoqda.
Avvalroq “Tolo News” telekanali o‘z manbalariga asoslanib Afg‘onistonning bir qator siyosatchilari, jumladan Afg‘onistonning sobiq Prezidenti Hamid Karzay va Milliy Yarashish Oliy Kengashi rahbari Abdulla Abdulla “Tolibon” harakati delegatsiyasi bilan muzokaralar o‘tkazish uchun Qatar poytaxti Dohaga borishi haqida xabar bergan edi. Biroq Karzay Afg‘oniston bo‘yicha konferensiyada qatnashish uchun Pokistonga boradigan bo‘lib qoldi va rejalarda kichiq o‘zgarish yuz berdi.
Afg‘oniston hukumati delegatsiyasiga muzokaralarning 2020 yil sentyabr oyida bo‘lib o‘tgan birinchi rasmiy uchrashuvidan beri ilk bor yuqori darajadagi siyosatchilar rahbarlik qilmoqda. “Tolibon” delegatsiyasiga esa ushbu harakatning Qatardagi siyosiy idorasi rahbari mulla Baradar Oxund boshchilik qilmoqda.
“Tolibon” harakati siyosiy idorasi vakili Muhammad Naim “Al Jazeera” telekanaliga bergan intervyusida ta’kidlaganidek, harakat vakillari “muzokaralarga jiddiy qarashmoqda, shu bilan birga qarshi tomondan ham shunday yondashuvni kutmoqda”.
Avvalroq 1TV News telekanali o‘z manbalaridan iqtibos keltirib, Afg‘oniston hukumati va “Tolibon” delegatsiyalari Dohada o‘tish davri hukumatining tuzilishi, mahbuslar almashinuvi va o‘t ochishni to‘xtatish masalasini muhokama qiladi.
Faollashgan “Tolibon” va Afg‘onistondagi keskinlik
Afg‘onistondagi xavfsizlik bilan bog‘liq vaziyat joriy yilning aprelida AQSH Prezidenti Jo Baydenning respublikada Amerika qurolli kuchlarining operatsiyasi yakuniga yetganini e’lon qilganidan so‘ng, ancha yomonlashdi.
Joriy yilning 13 iyul holatiga ko‘ra, Qo‘shma Shtatlar o‘z qo‘shinlarining 95 foizidan ko‘prog‘ini Afg‘onistondan olib chiqib ketib bo‘ldi. Bu jarayon 31 avgustga qadar yakunlanishi kutilmoqda. Shtatlar kabi NATOning boshqa a’zolari ham Afg‘onistonni tark etmoqda. Jumladan, Italiya, Avstraliya va Germaniya kuchlari, allaqachon, mamlakatdan chiqib ketgan.
Xorijiy qo‘shinlarning Afg‘onistonni tark etishi fonida “Tolibon” harakati mamlakat hududlari ustidan nazoratni o‘rnatish maqsadida hujumlarni kuchaytirmoqda. Toliblarning ta’kidlashicha, ular ayni paytda Afg‘onistonning 85 foizini nazorat qilmoqda. Bundan tashqari, harakat kuchlari bir qator qo‘shni davlatlar — Turkmaniston, Tojikiston, Eron va Pokiston bilan chegarada joylashgan nazorat punktlarini ham egallab olgan. Shunday bo‘lsa-da, harakat vakillari Afg‘onistondan tashqariga chiqmasliklarini va qo‘shni davlatlarga xavf solmasliklarini qayta va qayta ta’kidlamoqda.
LiveBarchasi
26 noyabr