Afg‘oniston hukumatining “Tolibon” bilan muzokaralari muvaffaqiyatsiz yakunlandi — OAV
Olam
−
18 iyul 2021
14593Avvalroq Qatar poytaxti Dohada Afg‘oniston hukumatining yuqori martabali delegatsiyasi va “Tolibon” harakati vakillari o‘rtasida muzokaralarning navbatdagi raundi boshlangani haqida xabar bergan edik.
“Al-Jazeera” telekanali ma’lumotiga ko‘ra, muzokaralarning birinchi kuni muvaffaqiyatsiz yakunlangan va aniq natijaga erishilmagan.
Ta’kidlanishicha, ushbu uchrashuv natijasida muammoga aniq yechim topilishiga umid katta emas, ammo bunga intilish bor. Har ikki tomon ham masalaning muzokaralar yo‘li bilan hal etilishi tarafdori ekanini bildiryapti. Biroq toliblarning amaldagi hukumatga qarshi muvaffaqiyatli yurishi fonida mamlakatda yuzaga kelgan vaziyat buning aksini ko‘rsatmoqda.
“Ikki tomon ham muloqotni oldinga siljish uchun yagona yo‘l, deb biladi va Afg‘onistonda tinchlikka faqat muzokaralar stolida erishish mumkin, deb hisoblashadi, ammo joylardagi harakatlar umuman boshqa tilda gapiradi”, deyiladi xabarda.
Telekanal muxbirining so‘zlariga ko‘ra, muzokaralarda hech qanday rivojlanish yo‘q. Hukumat tomoni har qanday real muloqotni boshlashdan oldin o‘t ochishni to‘xtatish zarurligini ta’kidlamoqda, “Tolibon” esa ularning qat’iy qonun qoidalari mamlakat bo‘ylab joriy qilinishi, hukumat esa barcha tomonlarni o‘z ichiga olishini istamoqda.
Ma’lumot uchun, Afg‘onlararo muzokaralar 2020 yil sentyabr oyida boshlangan va aniq natijalarsiz uzoq tanaffuslar bilan davom etgan. Bu safargi muzokaralar OAV xabarlariga ko‘ra, yakshanba kuni davom ettiriladi.
Faollashgan “Tolibon” va Afg‘onistondagi keskinlik
Afg‘onistondagi xavfsizlik bilan bog‘liq vaziyat joriy yilning aprelida AQSH Prezidenti Jo Baydenning respublikada Amerika qurolli kuchlarining operatsiyasi yakuniga yetganini e’lon qilganidan so‘ng, ancha yomonlashdi.
Joriy yilning 13 iyul holatiga ko‘ra, Qo‘shma Shtatlar o‘z qo‘shinlarining 95 foizidan ko‘prog‘ini Afg‘onistondan olib chiqib ketib bo‘ldi. Bu jarayon 31 avgustga qadar yakunlanishi kutilmoqda. Shtatlar kabi NATOning boshqa a’zolari ham Afg‘onistonni tark etmoqda. Jumladan, Italiya, Avstraliya va Germaniya kuchlari, allaqachon, mamlakatdan chiqib ketgan.
Xorijiy qo‘shinlarning Afg‘onistonni tark etishi fonida “Tolibon” harakati mamlakat hududlari ustidan nazoratni o‘rnatish maqsadida hujumlarni kuchaytirmoqda. Toliblarning ta’kidlashicha, ular ayni paytda Afg‘onistonning 85 foizini nazorat qilmoqda. Bundan tashqari, harakat kuchlari bir qator qo‘shni davlatlar — Turkmaniston, Tojikiston, Eron va Pokiston bilan chegarada joylashgan nazorat punktlarini ham egallab olgan. Shunday bo‘lsa-da, harakat vakillari Afg‘onistondan tashqariga chiqmasliklarini va qo‘shni davlatlarga xavf solmasliklarini qayta va qayta ta’kidlamoqda.
LiveBarchasi
26 noyabr