Putin “Tolibon”ni terrorchi tashkilotlar ro‘yxatidan chiqaradigan qonunni imzoladi
Olam
−
28 dekabr 2024 4270 2 daqiqa
Bugun, 28 dekabr kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin tashkilotlarni terrorchilar ro‘yxatidan chiqarishga ruxsat beruvchi qonunni imzoladi. Bu haqda mamlakatning Normativ-huquqiy hujjatlar portaliga tayanib, “Interfaks” xabar berdi.
Unga ko‘ra, Rossiyada terrorchi deb e’lon qilingan tashkilot faoliyatiga qo‘yilgan taqiqni Bosh prokuror yoki uning o‘rinbosarining da’vosi asosida sud qarori bilan bekor qilish taklif etilmoqda.
Bu mazmundagi qarorni qabul qilish uchun bunday tashkilot ko‘rsatib o‘tilgan ro‘yxatga kiritilganidan keyin terrorizmni targ‘ib qilish, oqlash va qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan faoliyatni amalga oshirishni to‘xtatgani to‘g‘risidagi asosli ma’lumotlar bo‘lishi kerak.
Nashrga ko‘ra, hozirgi vaqtda Rossiya Federatsiyasi qonunchiligida bunday tashkilotning faoliyatini taqiqlashni to‘xtatib turish imkonini beruvchi mexanizm nazarda tutilmagan. Tasdiqlangan qonun esa ana shu bo‘shliqni to‘ldirishga qaratilgan. Sud qarori qonuniy kuchga kirgandan so‘ng, terrorchilik tashkilotlari ro‘yxatiga tegishli o‘zgartirishlar kiritiladi.
Ma’lumot uchun, “Tolibon” Rossiyada 2003 yildan beri terrorchi tashkilot sifatida tan olinganiga qaramay, Moskva so‘nggi yillarda u bilan aloqalarni davom ettirib kelmoqda. Vladimir Putin “Tolibon”ni “hamkorlar”, Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov esa “oqil odamlar” deb atagan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiya Davlat Dumasi ikkinchi va uchinchi yakuniy o‘qishda “Tolibon” harakatini Rossiyada taqiqlangan tashkilotlar ro‘yxatidan chiqarish imkoniyatini ko‘zda tutuvchi qonunni qabul qilgandi.
Live
Barchasi