Afg‘oniston-Pokiston chegarachilari o‘rtasida qonli to‘qnashuv bo‘ldi
Olam
−
28 dekabr 2024
6584Bugun, 28 dekabr kuni ertalab Afg‘onistonning Paktika viloyati va Pokistonning Xayber-Paxtunxva viloyatlari tutashgan hududda Afg‘onistonning “Tolibon” muvaqqat hukumati askarlari va Pokiston harbiylari o‘rtasida yuz bergan qurolli to‘qnashuv oqibatida 24 kishi halok bo‘ldi, 3 kishi yaralandi. Bu haqda TOLO News xabar berdi.
Qayd etilishicha, qurolli to‘qnashuv chog‘ida og‘ir artilleriya qurollari qo‘llangan. Pokistonning 19 harbiy xodimi va Afg‘onistonning 5 askari halok bo‘lgan. Yana 3 afg‘onistonlik jarohat olgan.
Eslatib o‘tamiz, 24 dekabr kuni “Tolibon” Pokiston Qurolli kuchlari tomonidan Paktika viloyatiga zarbalar berilgani haqida xabar qilgan edi. “Tolibon” harbiy idorasi bu hujumlarni qoralab, ularning xalqaro qoidalarni buzishi va hech qanday muammoni hal qilishga xizmat qilmasligini ta’kidlagan. Shu bilan birga, vazirlik mazkur hujum “javobsiz qolmasligi”ni bildirgan edi. Paktikaga uyushtirilgan hujum oqibatida kamida 50 kishi halok bo‘lgan, yana 40 kishi jarohatlangan.
Mazkur aviazarba bu yil Pokiston Harbiy-havo kuchlari tomonidan Afg‘onistondagi ob’ektlarga qilingan ikkinchi aviazarba bo‘lib, birinchisi mart oyida amalga oshirilgan edi. Yangi hujumlar Pokistonning Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili Muhammad Sodiqning Kobulda “Tolibon” hukumatining tashqi ishlar vaziri Amir Xon Muttakiy bilan uchrashuvidan bir necha soat o‘tib amalga oshirilgan.
Ushbu uchrashuvda tomonlar ikki davlat o‘rtasidagi sovuqlashgan munosabatlarni muhokama qilgan. Bu sovuqlik chegarada tez-tez kuzatilayotgan qurolli to‘qnashuvlar va Afg‘onistondan turib Pokistonda amalga oshirilayotgan terrorchilik harakatlari bilan bog‘liq.
LiveBarchasi