Afg‘onistonda har o‘ninchi odam narkotik moddalarga qaramlikdan aziyat chekmoqda
Olam
−
02 yanvar
3528Afg‘onistonda har o‘ninchi aholi vakili narkotik moddalarga qaramlikdan aziyat chekmoqda. Bu haqda Afg‘onistondagi “Tolibon” muvaqqat hukumatning narkotik moddalar bilan kurashish bo‘limi vakili Abdul Rahmon Qosimiy ma’lum qildi.
“Afsuski, bu muammo bizning jamiyatimizda boshqa davlatlardagidan ko‘ra ko‘proq tarqalgan. Har o‘ninchimiz giyohvand va mutaxassislarning taxminiga ko‘ra, mamlakatimizda to‘rt millionga yaqin narkotik moddalarga qaram insonlar bor. Har bir narkotik moddalarga qaram odam bilan kamida yetti kishi, asosan uning oila a’zolari aziyat chekmoqda”, dedi Qosimiy.
Qobuldagi “Ag‘ush” nomli narkologik reabilitatsiya markazida so‘zlagan Qosimiy ichki ishlar vazirligi ma’lumotlariga tayanib, Afg‘onistonda millionlab odamlar hali ham narkotik moddalar iste’mol qilishini va ularning minglab qismi davolanish jarayonida ekanini ma’lum qildi.
“So‘nggi uch yildan ortiq vaqt ichida 100 mingdan ortiq giyohvand davolandi va ularning 95 foizi tuzaldi”, dedi Qosimiy.
Shuningdek, uning bildirishicha, Afg‘onistonda narkotik moddalarning yetishtirilishi va noqonuniy savdosi nolga tushirilgan va narkobiznesga qaytishga urinishlarga qarshi qat’iy choralar ko‘rilmoqda.
Narkotik moddalar bilan kurashish bo‘yicha yana bir vazir o‘rinbosari Abdul Haq Hamkorning ta’kidlashicha, Qobuldagi “Ag‘ush” markazida 5 ming nafar narkotik moddalarga qaram bemor davolanmoqda. Ularga bepul ta’lim ham berilmoqda. Rasmiy Afg‘onistonning barcha viloyatlarida narkotik moddalarga qaram insonlarga yordam ko‘rsatish jarayoni boshlangani va barcha giyohvandlar uchun zarur reabilitatsiya choralari ko‘rilishini ma’lum qilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq 2022 yil Afg‘onistondagi “Tolibon” muvaqqat hukumati tomonidan joriy etilgan taqiq amalda bo‘lsa-da, 2024 yil Afg‘onistonda ko‘knori ekish 19 foizga oshib, ekin maydoni taxminan 12,8 ming gektarga yetgani xabar qilingan edi. Biroq o‘sishga qaramay, ekin maydonlari “Tolibon” hokimiyatga kelishidan oldingi darajaga nisbatan past darajada saqlanmoqda. Masalan, 2022 yilda bu maydon 232 ming gektarni tashkil etgan bo‘lsa, 2023 yilda u 95 foizga qisqargan.
LiveBarchasi