“Toshshahartransxizmat”ga yuklatilgan 10 ta funksiyada korrupsiyaviy xavf-xatar yuqori
Jamiyat
−
19 avgust
3054“Toshshahartransxizmat” aksiyadorlik jamiyatiga yuklatilgan 30 ta funksiyadan 10 tasida korrupsiyaviy xavf-xatar yuqori. Bu haqda Korrupsiyaga qarshi kurash agentligi ma’lum qildi.
Bildirilishicha, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 11 maydagi 240-son qaroriga muvofiq, davlat organlari va tashkilotlari, shu jumladan, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari faoliyatidagi korrupsiyaviy xavf-xatarlar baholashdan o‘tkaziladi.
2024 yilda “Toshshahartransxizmat” AJga yuklatilgan 30 ta funksiya baholashdan o‘tkazilganda 10 ta funksiyada xavf-xatar darajasi – “yuqori”, 17 ta funksiyada – “o‘rta” hamda 3 ta funksiyada – “past” darajada ekani aniqlangan.
“Korrupsiyaviy xavf-xatar yuqori funksiyalari ko‘p bo‘lgan tashkilot “eng korrupsiyalashgan”, korrupsiyaviy xavfi yuqori bo‘lgan lavozimdagi shaxslar “korrupsioner” yoki aksincha korrupsiyaviy xavf-xatari asosan “past” bo‘lgan tashkilotlar “korrupsiyadan xoli” hisoblanmaydi”, deyiladi xabarda.
Qayd etilishicha, ushbu holatlar mazkur tashkilotlarda nazorat choralari yetarli yo‘lga qo‘yilganligi yoki aksincha qo‘shimcha nazorat choralari ko‘rilishi kerakligini, shu bilan birga, tashkilot rahbarlari korrupsiyaviy xavfi yuqori bo‘lgan jarayonlar (funksiyalar) va funksiyalarni bajaruvchi lavozimlarni alohida nazoratga olishiga signal beruvchi omil sanaladi.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning fevral oyida “Toshshahartransxizmat” AJ boshqaruvi raisi lavozimida ishlagan Anvar Jo‘rayev qamoqqa olingani xabar qilingandi. Unga Jinoyat Kodeksining 167-moddasi (o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) va 209-moddasi (mansab soxtakorligi) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgandi.
LiveBarchasi