Endi avtobusda yo‘lkirani to‘lamaganlar SI orqali ushlanadi
Jamiyat
−
20 may 3096 1 daqiqa
O‘zbekistonda tez orada avtobuslarda yo‘l haqini to‘lamagan yo‘lovchilarni sun’iy intellekt orqali aniqlash tizimi yo‘lga qo‘yilishi mumkin. Bu haqda joriy yilning 14 may kuni “Toshshahartransxizmat” AJda o‘tkazilgan matbuot anjumanida ma’lum qilindi.
Bildirilishicha, joriy yilda to‘rt oy ichida 50 mingdan ziyod fuqaro Toshkent shahridagi avtobuslarda yo‘l haqini to‘lamagani aniqlangan. Ularning 70 foizi talabalarni tashkil etgan. “Toshshahartransxizmat”ga ko‘ra, chiptasiz yo‘lovchilarni sun’iy intellekt orqali nazorat qilish rejalashtirilmoqda.
“Sun’iy intellekt yordamida yo‘lovchilarni yo‘l haqini to‘lamaganligini nazorat qiladigan yechim ishlab chiqilgan. Barcha ma’lumotlar bizda bor. Qaysi yo‘nalishda surunkali ravishda qaysi yo‘lovchi to‘lamayotganigacha bilamiz”, deydi “Toshshahartransxizmat” AJ Boshqaruv raisining raqamlashtirish va sun’iy intellekt joriy etish bo‘yicha maslahatchisi Shohruz Xojiyev.
Uning bildirishicha, yo‘lovchilarning barcha harakatlarini avtobuslardagi kameralarga integratsiya qilingan sun’iy intellekt orqali tahlil qilish mumkin. Uning aytishicha, SI orqali har bir eshik yoniga o‘rnatilgan to‘lov apparatining yonidan o‘tgan yo‘lovchi alohida tahlil qilinadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq 7 maydan boshlab Toshkent avtobuslarida sovutish tizimi – konditsionerlarning ishlab turishi majburiy bo‘lishi haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi