Avtobusni eshiklarni ochiq holda boshqargan haydovchi jazolandi (video)
3-sahifa
−
09:11 1222 1 daqiqa
Toshkentda avtobusni harakatlanish vaqtida eshiklarini yopmasdan boshqargan haydovchiga nisbatan intizomiy chora ko‘rildi. Bu haqda “Toshshahartransxizmat” AJ ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, ijtimoiy tarmoqlarda avtobus haydovchisining yo‘lovchilar xavfsizligiga oid talablarni buzganligi haqida murojaat tarqalgan. Mazkur holat mas’ullar tomonidan o‘rganilgan.
O‘rganish davomida joriy yilning 4 oktyabr kuni haydovchi O. E. texnik soz avtobusni harakatlanish vaqtida eshiklarini yopmasdan boshqargani va lavozim yo‘riqnomasi talablarini buzganligi aniqlangan.
Shundan so‘ng, haydovchiga nisbatan belgilangan tartibda intizomiy chora ko‘rilgan. Jumladan, kecha, 5 oktyabrdagi 88-son buyruqqa asosan uning oylik ish haqining 10 foizi miqdorida jarima qo‘llangan.
“Toshshahartransxizmat” AJ ma’lum qilishicha, yo‘lovchilar xavfsizligini ta’minlash, avtobuslardan foydalanish qoidalariga rioya etish va haydovchilarning xizmat vazifalarini mas’uliyat bilan bajarishi doimiy nazoratda.
Shuningdek, 12-avtobus saroyi rahbariyati yo‘lovchilardan yuzaga kelgan noqulayliklar uchun uzr so‘ragan. Korxona mazkur holat takrorlanishining oldini olish maqsadida nazoratni kuchaytirganini bildirgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent shahrida avtobusda yo‘l kira haqini to‘lamagan va jamiyatda yurish-turish qoidalarini buzib, janjal qilgan yo‘lovchiga 3 sutka ma’muriy qamoq jazosi belgilangani haqida xabar berilgan edi.