Bir kunda to‘rt o‘lim. Toshkentda yana ikki bemor vafot etdi

Jamiyat

image

O‘zbekistonda koronavirusdan navbatdagi ikki o‘lim holati qayd etildi Shu tariqa rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, qurbonlar 87 nafarga yetdi. 19 iyul kuni qayd etilgan o‘lim holatlari 4 taga yetdi.

Sog‘liqni saqlash vazirligining ma’lum qilishicha, Olmazor tumanida yashagan 65 yoshli fuqaro K.G. (erkak)da 11 iyul kuni COVID-19 tasdiqlangan va Toshkent tibbiyot akademiyasining ko‘p tarmoqli klinikasiga yotqizilgan.

Bemor doimiy ravishda yurak ishemik kasalligi, gipertoniya kasalligi, qandli diabet, surunkali o‘pka obstruktiv kasalligi bilan davolanib yurgan.

Bemorga mutaxassislar tomonidan onlayn konsultatsiya va konsiliumlar o‘tkazilgan, davolash jarayoni belgilangan standartlar asosida olib borilgan.

Hamroh kasalliklar fonida kasallik asoratlari hisobiga ahvoli keskin og‘irlashgan bemor, mutaxassislar tomonidan to‘liq hajmda, standart asosida o‘tkazilgan reanimatsion choralarga qaramasdan, o‘tkir nafas va yurak qon-tomir yetishmovchiligidan vafot etgan.

Yana bir bemor, Yunusobod tumanida yashagan 39 yoshli M.R (erkak)da 6 iyul kuni “COVID-19” tasdiqlangan va u Virusologiya ilmiy tekshirish instituti klinikasiga yotqizilgan.

Unda “COVID-19” infeksiyasining o‘ta og‘ir kechishi, ikki tomonlama pnevmoniya tashxisi qo‘yilgan. Xastalik o‘tkir miokard infarkti, o‘tkir nafas va yurak qon-tomir yetishmovchiligi, poliorgan yetishmovchiligi asoratlari bilan kechgan.

Shifoxonada bemorning davolanishi davomida tibbiyot mutaxassislari tomonidan onlayn konsultatsiya va konsiliumlar qilingan, davolash jarayoni mutaxassislar tavsiyasi asosida olib borilgan. 

Biroq shifokorlar tomonidan standartlar asosida o‘tkazilgan reanimatsion muolajalarga qaramasdan, o‘tkir nafas va yurak qon-tomir yetishmovchiligidan vafot etgan.

Avvalroq, Olmazor tumanida ham 60 yoshli tibbiyot xodimi koronavirusdan vafot etgani haqida xabar bergan edik.


Maqola muallifi

Teglar

Koronavirus O'zbekistonda

Baholaganlar

228

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing