Toshkentda o‘quvchilar va talabalar orasida koronavirus aniqlanyapti
Jamiyat
−
15 mart 2021
12863Toshkentda o‘quvchilar, talabalar va tashkilotlar xodimlarida virus chiqmoqda. Shu sababdan joylardagi nazorat tadbirlari qayta joriy etildi. Bu haqda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi markazi Toshkent shahar boshqarmasi boshlig‘i Malika Qudratxo‘jayeva ma’lum qildi.
“Tekshiruvlar natijasi shuni ko‘rsatdiki, aholi orasida koronavirusga chalinish holatlari ko‘paygan. Ayniqsa, maktab o‘quvchilari orasida, talabalar orasida, tashkilot-muassasalar xodimlari orasida ko‘paygani kuzatildi. Bu esa aholi tomonidan, tashkilot va muassasalar tomonidan karantin choralariga amal qilinmayotganini ko‘rsatadi. Ya’ni o‘lchov vositalaridan foydalanmaslik, kasal bo‘lishiga qaramasdan ish va o‘qishga borib, boshqalarni xavfga qo‘yish holatlari kuzatilmoqda”, deydi Qudratxo‘jayeva.
Uning ta’kidlashicha, aholi o‘rtasida kasallik tarqalishi oldini olish maqsadida qator tashkilotlar bilan birgalikda tadbirlar o‘tkazilishi boshladi.
“Shu kunlarda Milliy gvardiya, Ichki ishlar boshqarmasi, Sanitariya-epidemiologiya xizmati xodimlaridan iborat guruhlar tuzilib, bozorlarda, umumiy ovqatlanish muassasalarida, tashkilot va muassasalarda karantin talablariga rioya qilinishi yuzasidan nazorat olib borishi yana yo‘lga qo‘yildi”, dedi boshqarma boshlig‘i Malika Qudratxo‘jayeva.
Eslatib o‘tamiz, so‘nggi uch kundan beri Toshkentda koronavirusga chalinish ko‘rsatchiki o‘sib boryapti. Bunda so‘nggi uch kundagi statistika ayniqsa, xavotirga sabab bo‘lyapti.
LiveBarchasi