Toshkentda Obodonlashtirish idorasining soxta xodimlari tilanchilik qildi
Jamiyat
−
29 noyabr
4598Toshkent shahri ko‘chalarida go‘yoki "Obodonlashtirish xodimlari" qiyofasida avtoulov egalaridan pul so‘rab, tilanchilik qilayotgan ayrim ayollar aniqlandi. Bu haqda Chilonzor tumani hokimligi xabar berdi.
Hokimlik e’lon qilgan videoda obodonlashtirish xodimlari murojaat bilan chiqib, chorrahalarda o‘zlarini obodonlashtirish xodimi sifatida tanishtirib, avtomobil egalaridan pul so‘rayotgan ayollardan bu ishidan qaytishini so‘ragan.
Hokimlik mas’ul xodimlaridan biri ko‘chada obodonlashtirish xodimlarining kiyimlarini kiyib yurgan soxta xodimlarning oldiga borib, ularni so‘roqqa tutganida, ular Olmazor tumani hokimligi Obodonlashtirish bo‘limi xodimlari ekanini aytgan. Shu vaqtda Obodonlashtirish bo‘limi rahbariga qo‘ng‘iroq qilinib, haqiqatda shunday xodimlar borligini so‘ralganida, tizimda bunday xodimlar yo‘qligi aniqlangan.
Soxta obodonlashtirish xodimlari ular haqiqatda xodim emasligini tan olib, pul topishga imkoni yo‘qligi, shu sabab shunday yo‘l orqali pul topishga majbur bo‘lganini aytgan.
Ma’lumot uchun, O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 188-3 moddasi va Jinoyat kodeksining 127-1 moddasida tilanchilik qilish uchun javobgarlik belgilangan.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq Toshkent shahrining Yunusobod va Yangihayot tumanlarida tilanchilik qilgan shaxslarga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 188-3 moddasiga (tilanchilik qilish) ko‘ra jazo tayinlangandi.
LiveBarchasi