Chirchiqda fuqarodan pul talab qilgan soxta IIO xodimlari ushlandi (video)
3-sahifa
−
20 dekabr 1227 2 daqiqa
Toshkent viloyatining Chirchiq shahrida fuqaroning uyiga bostirib kirib undan pul talab qilgan ikki nafar soxta ichki ishlar organi xodimlari ushlandi. Bu haqda viloyat Ichki ishlar bosh boshqarmasi xabar berdi.
Qayd etilishicha, “Xavfsiz va sog‘lom yurt” tezkor-profilaktik tadbirining uchinchi bosqichi doirasida Toshkent viloyati IIBB va uning quyi tizimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirlar davomida tovlamachilik bilan bog‘liq jinoyat fosh etilgan.
Xususan, joriy yilning noyabr oyida Chirchiq shahrida ikki nafar shaxs fuqaro R.H. ga o‘zlarini IIO xodimi sifatida tanishtirib, uni jinoyatda ayblash hamda ish joyiga xabar berish bilan qo‘rqitib, yashash xonadoniga bostirib kirgan va undan pul talab qilgan. Ular jabrlanuvchidan bank kartasi orqali dastlab 2,5 mln so‘m va mobil telefonini olib, keyinchalik uni qaytarish evaziga 200 AQSH dollari olgan. Shundan so‘ng telefonidagi shaxsiy videolarni tarqatish bilan tahdid qilib, yana 20 mln so‘m talab qilib kelgan.
O‘tkazilgan tezkor tadbir natijasida 2003 yilda tug‘ilgan ikki shaxs – B.Sh. va M.U. jabrlanuvchidan oldindan kelishilgan 10 mln so‘mni olayotgan vaqtida IIV Shaxsiy xavfsizlik bosh boshqarmasi viloyat boshqarmasi hamda tezkor xodimlar tomonidan ashyoviy dalillar bilan ushlangan. Surishtiruv davomida ularning huquqni muhofaza qiluvchi organlarga aloqasi yo‘qligi aniqlangan.
Bildirilishicha, mazkur holat yuzasidan Chirchiq shahar Ichki ishlar boshqarmasi tomonidan Jinoyat kodeksining 165-moddasi (tovlamachilik) 2-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, gumonlanuvchilarga nisbatan “qamoq” ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Navoiy viloyatida o‘zini ichki ishlar xodimi sifatida tanishtirib, ayolni shaxsiy suratlarini tarqatish bilan shantaj qilgan erkak qo‘lga olingandi.
Live
Barchasi