DXX, Prezident Administratsiyasi va boshqa tashkilotlarning soxta xodimi ushlandi (video)

3-sahifa

image

Toshkent shahrida o‘zini Prezident Administratsiyasi, DXX va boshqa tashkilotlar xodimi sifatida tanishtirib, shaxsni tasdiqlovchi hujjatlarini soxtalashtirib, o‘z manfaatlari yo‘lida foydalanib kelgan shaxs ushlandi. Bu haqda poytaxt Ichki ishlar bosh boshqarmasi xabar berdi.

Qayd etilishicha, o‘tkazilgan tezkor tadbirda poytaxtning Yakkasaroy tumani Shota Rustaveli ko‘chasida fuqaro Javohir Orifjonov boshqaruvidagi oq rangli Lacetti mashinasi YHXB xodimlari tomonidan to‘xtatilgan. Hujjatlarni tekshirish jarayonida haydovchi o‘zini DXX xodimi ekanini ma’lum qilib, YPX inspektorlariga DXXga tegishli bo‘lgan guvohnomani ko‘rsatgan. Shuningdek, u qo‘yib yuborishlarini iltimos qilib, go‘yoki yuqori lavozimda ishlovchi tanishiga qo‘ng‘iroq qilgan va ushbu shaxs inspektorlarga uni qo‘yib yuborishi bo‘yicha ko‘rsatma bergan.

Ammo huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari o‘zini shubhali tuta boshlagan shaxsning ma’lumotlarini tekshirgan. Natijada, ushbu fuqaroning xizmat guvohnomasi qalbaki ekani va DXXga umuman aloqasi yo‘qligi ma’lum bo‘lgan. Gumonlanuvchi shu joyning o‘zida ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olingan.

Olib borilgan surishtiruvlar davomida uning boshqa bir qator qilmishlari oshkor bo‘ldi. U odatda o‘zini Prezident Administratsiyasi va huquqni muhofaza qiluvchi organlardan birining xodimi sifatida tanishtirgan. Boshqa idora hamda vazirliklarda ishlashini aytib, yuqori turuvchi tashkilotlar nomini sotib, soxta mansabdor shaxs niqobi ostida shaxsiy masalalarini hal qilib kelgan. Bunda u oldindan tayyorlab borilgan soxta guvohnomalardan foydalangan.

Mazkur shaxsning qilmishlari yuzasidan bo‘lib o‘tgan sudda u Jinoyat kodeksining 228-moddasi (hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlash, ularni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish) ikkinchi qismi “a”,“b” bandlari hamda uchinchi qismi bilan aybli deb topilib, Jinoyat kodeksining 59-moddasi (bir necha jinoyat sodir etganlik uchun jazo tayinlash) tartibida unga uzil-kesil 3 yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi berilgan. Jazoni manzil koloniyada o‘tash belgilangan.

Ushbu shaxsning jinoiy qilmishlaridan jabr ko‘rganlar yaqin oradagi IIO yoki 102 raqami orqali xabar berish so‘raladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent shahrida o‘zini Davlat xavfsizlik xizmati xodimi sifatida tanishtirib, tovarlarni bojxona nazoratidan o‘tkazishda yordam berishni va’da qilgan shaxs qo‘lga tushgandi.


Maqola muallifi

Teglar

YPX DXX YHXB Prezident Administratsiyasi soxta xodim Javohir Orifjonov

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing