“Toshkentda aniq va qat’iy hokimiyat yo‘q”. Liftda vafot etgan ayol xorijiy nashrlar muhokamasida

Tahlil

image

Joriy yilning 28 iyul kuni Toshkent shahrida bedarak yo‘qolib, qidiruvga berilgan 32 yoshli ayolning jasadi Mirzo Ulug‘bek tumanidagi ko‘p qavatli uylardan birining lifti ichidan topilgandi. Ushbu voqea bir necha kun davomida mamlakat ommaviy axborot vositalari tomonidan yoritib borildi. Hodisadan bir necha kun o‘tib, bir qator xorij nashrlari ham pochtachi ayolning fojiali o‘limi haqida yoza boshladi. 

Jumladan, Buyuk Britaniyaning “Daily Mail” nashri hodisa tafsilotlari haqida maqola e’lon qildi. Unda Olga Leontevaning 24 iyulda lift ishlamay qolishi oqibatida qamalib qolgani va uch kun davomida unga hech kim yordamga kelmagani aytiladi. Xabarda ayol o‘limiga sabab bo‘lgan lift muntazam ravishda texnik nosozliklarga duch kelib turgani va tegishli tarzda ro‘yxatdan o‘tkazilmagani ta’kidlanadi. Nashr xabarida O‘zbekiston tergov idoralarining hodisa bo‘yicha hisobotlarini ham keltirib o‘tilgan holda liftning ishdan chiqishiga elektr ta’minotidagi uzilish sabab bo‘lmagani yoziladi. 

Buyuk Britaniyaning yana bir nashri “The Sun”da ham voqea tafsilotlari bayon etilgan. Unda Xitoyda ishlab chiqarilgan lift avvalgi texnik tekshiruvda nosoz bo‘lmagani, ammo u tegishli tartibda ro‘yxatga olinmagani yoziladi. Xabarda, shuningdek, Hududiy elektr tarmoqlari korxonasi matbuot kotibi Faxriddin Nuraliyevning lift to‘xtab qolishiga elektr ta’minotidagi uzilish sabab bo‘lmagani, buni tarmoqdagi rejali o‘chirish qaydlari ham tasdiqlashi mumkinligi haqidagi bayonoti keltirilgan. 

Buyuk Britaniyaning “The Mirror” “Daily Star” nashrlarida chiqqan xabarlarda ham yuqoridagi ma’lumotlar takrorlangan. 

Gretsiyaning “Hellas Posts” nashrida ham hodisa haqida kichik xabar e’lon qilindi

Olga Leontevaning liftda vafot etishi haqidagi xabar Rossiyaning “Vesti”, Qozog‘istonning “Karavan”, Ukrainaning “Fokus”, Ozarbayjonning “Media.az” kabi nashrlarida chiqdi. 

“Central Asia” axborot portalida esa holat bo‘yicha tanqidiy maqola nashr etildi. Unda voqea tafsilotlari butkul boshqacha talqin etiladi. Maqola muallifining yozishicha, ayol hatto foydalanishga to‘liq topshirilmagan uyda, tumanda sodir bo‘lgan yana bir avariyadan so‘ng elektr o‘chishi oqibatida to‘xtab qolgan liftda vafot etgan. 

“Bularning barchasi juda tabiiy ko‘rinadi.Toshkentda aniq va qat’iy hokimiyat yo‘q. Shahar va viloyat hokimlari qo‘lqopdek almashib bormoqda.Shahar yangi binolar, aholining o‘z huquqlari, poytaxt kelajagi uchun kurashidan changga g‘arq bo‘lmoqda. Kishida to‘liq tartibsizlik va mas’uliyatsizlik taassurotlari paydo bo‘ladi”, deyiladi maqolada. 

Ta’kidlanishicha, Olga Leontevaning onasi 25 iyul kuni ertalab qizini liftlardan qidirishni so‘rab, murojaat qilgan, ammo rad javobini olgan. Ayol Olganing o‘limida bevosita uning boshliqlari javobgarligini ta’kidlagan. Maqolada, shuningdek, Hududiy elektr tarmoqlari va liftyorlar ham fojiada aybli ekani yoziladi. 

“Olti yoshli Sofiyaga onasi qaytib kelmasligi haqida hali aytilmagan. Oila boy emasligi aniq, ularda hatto smartfon ham yo‘q. Olgada faqat tugmachali telefon bor edi, u ham liftda ishlamagan”, deb yoziladi unda. 

Eslatib o‘tamiz, ayolning o‘limi yuzasidan Jinoyat kodeksining 186-moddasi (Xavfsizlik talablariga javob bermaydigan tovarlarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlab ishlab chiqarish, saqlash, tashish yoxud o‘tkazish, ishlar bajarish yoki xizmatlar ko‘rsatish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov harakatlari davom etmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

Lift ayol xorijiy nashrlar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing