Ikki farzandini qutqarishga uringan ona cho‘kib ketdi
Olam
−
12:03 1786 2 daqiqa
Bagama orollarida ikki farzandini dengizdagi kuchli oqimdan qutqarishga uringan 36 yoshli britaniyalik ayol cho‘kib ketdi. Bu haqda “Daily Mail” xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, oila Bimini orolining janubiy qismida dengizda bo‘lganida kuchli oqim ayolning ikki o‘g‘lini olib ketgan. Liann Gregori farzandlarini qutqarish uchun suvga tushgan, biroq oqim uni ham olib ketgan.
Bagama orollari politsiyasining bildirishicha, joriy yilning 20 oktyabr kuni soat 10:00 dan ko‘p o‘tmay, Bimini orolidagi Elis-Taun politsiya bo‘limiga parom bekatida bir ayol hushsiz holda topilgani haqida xabar kelib tushgan. Politsiya xodimlari yetib kelganida, ayol mahalliy klinikaga olib ketilgan bo‘lgan. Shifokorlar uni qutqarishga uringan, ammo ayol vafot etgan.
Liannning ikki o‘g‘li qutqaruv xizmatlari tomonidan suvdan olib chiqilgan. Uning 36 yoshli turmush o‘rtog‘i Neytan Gregori ham rafiqasini qutqarishga uringan. U ayolga sun’iy nafas bergan, biroq uni hayotga qaytarishning imkoni bo‘lmagan.
Hodisa vaqtida qayiq kapitani bo‘lgan Linti Styuartning aytishicha, qayiqdagilar suvda ikki bola va ularning onasini ko‘rgan. Atrofdagilar bolalarni suvdan olib chiqishga muvaffaq bo‘lgan, ammo kuchli oqim sababli ayolni qutqarish qiyin kechgan. Qayiq ekipaji ham uni jonlantirishga uringan, biroq natija bo‘lmagan.
Hodisa guvohlaridan biri ayolning farzandlarini qutqarish uchun o‘z hayotini xavf ostiga qo‘yganini aytib, uni qahramon deb atagan. Uning so‘zlariga ko‘ra, bolalar suzishni yaxshi bilgan, ammo dengizdagi kuchli oqim vaziyatni tezda xavfli holatga keltirgan.
Hozirda ayolning o‘lim sababini aniqlash uchun sud-tibbiy ekspertiza o‘tkazilishi kutilmoqda. Bagama orollari politsiyasi hodisa yuzasidan tergov boshlagan. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, voqeada jinoyat alomatlari aniqlanmagan.
Buyuk Britaniya Tashqi ishlar vazirligi marhumaning oilasiga hamdardlik bildirib, mahalliy idoralar bilan aloqada ekanini va oilaga yordam ko‘rsatayotganini ma’lum qilgan.
Live
Barchasi23 Oktyabr