Muhojirlar qayig‘i cho‘kib ketishi oqibatida 139 kishi halok bo‘ldi

Olam

−

image

Jibuti qirg‘oqlari yaqinida 305 nafar muhojirni olib ketayotgan qayiq cho‘kib ketishi oqibatida kamida 139 kishi, jumladan, 15 nafar bola halok bo‘ldi. Bu haqda “The Guardian” xabar berdi.

Qayd etilishicha, hodisa joriy yilning 8 oktyabridan 9 oktyabriga o‘tar kechasi sodir bo‘lgan. Qayiq cho‘kib ketishi oqibatida kamida 139 kishi, jumladan, 15 nafar bola halok bo‘lgan. Shunigdek, yana 84 kishi bedarak yo‘qolib, 82 kishi omon qolgan.

Omon qolganlarning aytishicha, Jibutidan Yamanga yo‘l olgan qayiq mamlakat shimolidagi Obok shaharchasi yaqinida, Guher hududi sohillarida halokatga uchragan. Omon qolganlarning barchasi Efiopiya fuqarolari bo‘lgan.

Xalqaro migratsiya tashkiloti ushbu hodisani Afrika shoxi va Arabiston yarimoroli o‘rtasidagi sharqiy migratsiya yo‘nalishida yuz bergan eng yirik halokatlardan biri deb atadi.

“Bu insonlar hayotining dahshatli yo‘qotilishidir. Omon qolganlar, yaqinlarini yo‘qotgan oilalar va qarindoshlari haqida hanuz xabar kutayotgan insonlarga hamdardlik bildiramiz”, degan tashkilotning Jibutidagi missiyasi rahbari Aleksandr Kuassak.

Hozirda Jibuti rasmiylari bedarak yo‘qolganlarni qidirish va qutqarish ishlarini davom ettirmoqda. Xalqaro migratsiya tashkiloti esa Obok shahridagi yordam markazida 64 nafar omon qolganga tibbiy, ruhiy va oziq-ovqat yordami ko‘rsatmoqda.

Ma’lumotlarga ko‘ra, sharqiy migratsiya yo‘nalishi dunyodagi eng gavjum va xavfli yo‘llardan biri hisoblanadi. Har yili yuz minglab odamlar, asosan, Efiopiya va Somali fuqarolari Fors ko‘rfazi mamlakatlariga, xususan, Saudiya Arabistoniga yetib borish uchun shu yo‘ldan foydalanadi. Ayrimlar mojarolar va tabiiy ofatlar sababli o‘z yurtini tark etsa, boshqalar ish topish va yaxshi yashash sharoitiga erishish maqsadida safarga chiqadi.

Tashkilot ma’lumotlariga ko‘ra, 2025 yilda ushbu yo‘nalishda 900 dan ortiq kishi halok bo‘lgan yoki bedarak yo‘qolgan. Shu davrda mazkur yo‘l orqali safarga chiqqanlar soni 18 foizga oshgan. Joriy yilning mart oyida ham muhojirlar qayig‘i cho‘kib ketishi oqibatida 9 kishi halok bo‘lgan, 45 kishi bedarak yo‘qolgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Zimbabvening Kariba ko‘lida paromning ag‘darilib ketishi oqibatida 94 kishi vafot etgani haqida xabar berilgan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing