Zimbabvedagi parom halokati qurbonlari 100 nafarga yaqinlashdi
Olam
−
10:41 263 1 daqiqa
Zimbabveda Kariba ko‘lida paromning ag‘darilib ketishi oqibatida halok bo‘lganlar soni 94 nafarga yetdi. Paromda uning belgilangan sig‘imidan ikki baravar ko‘p yo‘lovchi bo‘lgani aniqlandi. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.
Hodisa o‘tgan hafta Kariba shahridan ko‘ldagi chekka qishloq hududiga yo‘l olgan parom kuchli to‘lqinlar ta’sirida ag‘darilib ketishi oqibatida sodir bo‘lgandi.
Ma’lum qilinishicha, paromda 180 ga yaqin yo‘lovchi bo‘lgan. Biroq paromning sig‘imi 90 kishiga mo‘ljallangan. Hukumat paromdagi yo‘lovchilar va yuklar uning belgilangan sig‘imidan oshib ketganini tasdiqlagan.
Qayd etilishicha, hozirgacha 77 kishi qutqarilgan. Qidiruv-qutqaruv ishlari esa davom etmoqda.
“The Herald” nashriga ko‘ra, mazkur hodisa Zimbabve tarixidagi eng ko‘p qurbonli transport halokatiga aylangan. Avvalgi eng yirik fojia 1991 yilda sodir bo‘lgan avtobus halokati bo‘lib, unda 89 kishi halok bo‘lgan.
Ma’lumot uchun, Kariba ko‘li Zimbabve va Zambiya chegarasida joylashgan. U dunyodagi eng yirik sun’iy suv omborlaridan biri hisoblanadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Turkiyaning Mug‘la viloyati Fethiye tumani yaqinida sayyohlik kemasida yong‘in sodir bo‘lgandi. Oqibatda bortdagi 115 nafar kishi evakuatsiya qilingan.
Live
Barchasi