Toshkentda 2 yashar bola “Dok-1 Maks”dan vafot etgani aytilmoqda. SSV holatni yashiryaptimi?

Salomatlik

image

Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent viloyatida 2 yashar bola “Dok-1 Maks” siropini iste’mol qilib, vafot etgani haqida xabar tarqaldi. QALAMPIR.UZ manbasiga ko‘ra, bola 2022 yilning 23 dekabr kuni vafot etgan. O‘lim holati aniqlanganiga 10 kundan oshganiga qaramay, Sog‘liqni saqlash vazirligi buni jamoatchilikdan yashirgan. 

QALAMPIR.UZ’dagi ma’lumotlarga ko‘ra, Toshkent viloyatida istiqomat qiladigan 2 yashar bola “Dok-1 Maks” dorisini iste’mol qilgach, ahvoli og‘irlashib, Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markaziga olib kelingan va muolajalarga qaramay, 23 dekabr kuni vafot etgan.

QALAMPIR.UZ ushbu ma’lumotni tasdiqlatish uchun Toshkent viloyati Sog‘liqni saqlash boshqarmasiga murojaat qildi va bola o‘limi haqidagi xabarlarni tasdiqlatishga urindi. Toshkent viloyati Sog‘liqni saqlash boshqaramasi boshlig‘ining Onalik va bolalikni muhofaza qilish bo‘yicha o‘rinbosari Feruza Rahmatullayeva avvaliga holat haqiqatdan ham sodir bo‘lgani, bola 23 dekabr kuni Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazida vafot etgani va rasmiy axborot tayyorlanayotganini ma’lum qildi. Oradan biroz vaqt o‘tib, Rahmatullayeva o‘lim Toshkent shahrida qayd etilgani uchun ushbu ma’lumot vazirlik tomonidan berilishi kerakligini ma’lum qildi va  “Dok-1 Maks” siropidan vafot etgan 18 go‘dak ro‘yxatida Toshkent viloyatidan bo‘lgan 2 yashar bola ham borligini urg‘uladi. Biroq, Rahmatullayeva bergan ushbu ma’lumot vazirlik tarqatgan dastlabki xabarlarga zid. Birlamchi ma’lumotlarda vazirlik "Dok-1 Maks" siropini ichgan 18 bola Samarqandda vafot etganini ma’lum qilgan. 

Eslatib o‘tamiz, Sog‘liqni saqlash vazirligi Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligining 2022 yilning 22 dekabrdagi buyrug‘i bilan  “Dok-1 Maks” dori vositalarini dorixonalardan qaytarib olish belgilangan edi.

Shuningdek, Samarqandda “Dok-1 Maks” siropini iste’mol qilish oqibatida 18 nafar bolaning vafot etishi ortidan 7 nafar mas’ul xodim lavozimidan ozod etilgani xabar qilingandi.

28 dekabr kuni Qashqadaryoda “Dok-1 Maks” siropini ichib yana bir bola hayotdan ko‘z yumgani e’lon qilindi.

Shundan so‘ng Davlat xavfsizlik xizmatining Tergov boshqarmasi tomonidan “Quramax medikal” MCHJ hamda “Dori vositalarini standartlashtirish ilmiy markazi” MCHJ mansabdor shaxslariga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, gumonlanuvchilar DXX Tergov hibsxonasiga joylashtirilgandi. 

Keyinroq Hindistonning “Marion Biotech Pvt. Ltd” kompaniyasi ushbu dorilarni ishlab chiqarishni to‘xtatgani ma’lum qilindi.

Shuningdek, mazkur komaniya tomonidan ishlab chiqarilgan barcha turdagi dori vositalarining savdosi ham to‘xtatildi.

2023 yil 2 yanvar kuni Farg‘onada 3 yashar bola “Dok-1 Maks” siropini ichishi oqibatida doridan o‘tkir zaharlanish tashxisi bilan davolanayotgani ma’lum qilindi. Sirdaryo viloyatida ham “Dok-1 Maks” siropidan 7 bemor zaharlangani, ularning 4 nafari sog‘aygani va 3 nafari ayni vaqtda jonlantirish bo‘limida ekani haqida xabar berilgandi.

Avvalroq, “Dok-1 Maks” tarkibida me’yordan 300 baravar ortiq zaharli modda borligi aniqlandi.


Maqola muallifi

Teglar

Dok-1 Maks

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing