Toshkentda 15 yoshli o‘smirni poyezd urib ketdi (video)
3-sahifa
−
25 Oktabr
14910Toshkent shahrida 15 yoshli o‘smirni poyezd urib ketdi. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot kotibi Hayot Shamsutdinov QALAMPIR.UZ’ga ma’lum qildi.
Bildirilishicha, Toshkent mintaqasi temiryo‘l TXTBga joriy yilning 23 oktyabr kuni soat 17:52 da Toshkent shahar IIBB 102-xizmati orqali “Nurxayot-Salar” temiryo‘l bekatlari oralig‘i 6-km, 7-to‘siqda poyezd noma’lum shaxsni urib yuborgani haqida xabar kelib tushgan.
Aniqlanishicha, “Toshkent-Xo‘jakent” yo‘nalishidagi yo‘lovchi poyezdi harakatlanib ketayotgan vaqtida temiryo‘lning yo‘lovchilar o‘tish joyidan velosipedni minib o‘tayotgan vaqtida voyaga yetmagan 15 yoshli qashqadaryolik o‘smirni urib yuborgan.
O‘smir olgan tan jarohati bilan tez tibbiy yordam mashinasida Toshkent shahar, Yunusobod tumani, 7-son shahar klinik shifoxonaga joylashtirilgan. Kecha, 24 oktyabr kuni Respublika shoshilinch tez tibbiy yordam ko‘rsatish markazining “Bolalar bo‘limi”ga o‘tkazilgan.
Eslatib o‘tamiz, 5 oktyabr kuni Toshkent shahrida temiryo‘l xodimini poyezd bosib ketgandi. Holat Yangi Hayot tumanida sodir bo‘lgan. Marhum 1988 yilda tug‘ilgan bo‘lib, temiryo‘lda konduktor lavozimida ishlab kelgan. Xodim teplovozga yuk vagonlarini ulayotgan bo‘lgan va o‘zining ehtiyotsizligi sabab temiryo‘l izlariga yiqilib tushgan. Oqibatda uni yuk vagonlari bosib ketgan.
Voqea joyiga tegishli mas’ullar va tez tibbiy yordam yetib kelgan. Ammo ko‘rsatilgan yordamga qaramasdan xodim voqea joyida vafot etgan.