Toshkent viloyatida ekologiya xodimi kaltaklandi
3-sahifa
−
14 avgust 2023
5681Toshkent viloyati Ekologiya atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi boshqarmasi Ohangaron tumani inspeksiyasi mas’ul xodimi kaltaklandi. Bu haqda Bosh prokuratura axborot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, voqea joriy yilning 10 avgust kuni Ohangaron tumanidagi “Oybuloq” mahallasida joylashgan fermer xo‘jaligida yuz bergan. Inspektor A.M. somondan bo‘shagan yer maydonlari yoqib yuborilgani holatini o‘rganish maqsadida fermer xo‘jaligiga borgan. O‘sha vaqtda ushbu mahallada yashovchi fuqaro F.O‘. uni urib tan jarohati yetkazgan. Undan xizmat guvohnomasi hamda ish hujjatlarini tortib olib, hujjatlariga shikast yetkazgan.
Mazkur holat yuzasidan Ohangaron tumani prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining 219 (Hokimiyat vakiliga yoki fuqaroviy burchini bajarayotgan shaxsga qarshilik ko‘rsatish) va boshqa moddalar bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Ushbu jinoyat ishi bo‘yicha dastlabki tergov harakatlari o‘tkazilayotgani aytilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 19 iyul kuni Buxoro viloyati Qorovulbozor tumanida reyd tadbiri olib borayotgan tuman ekologiya bo‘limi boshlig‘i, inspektor xizmat vaqtida brakoner tomonidan o‘q uzilishi oqibatida qo‘lidan yaralangandi. Shundan keyin, Bosh prokuratura matbuot kotibi Hayot Shamsutdinov voqea joyidan yashiringan brakoner qo‘lga olinganinini ma’lum qilgan edi.