Toshkent viloyatida 144 ming dollarga yer sotmoqchi bo‘lgan shaxs ushlandi

3-sahifa

image

Toshkent viloyatida 144 ming AQSH dollari evaziga, Samarqand viloyatida 15 ming AQSH dollariga yer sotmoqchi bo‘lgan shaxslar qo‘lga olindi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar berdi

Ma’lum qilinishicha, Toshkent viloyati Ohangaron tumanidagi departamentning  bo‘limi tomonidan IIV xodimlari bilan hamkorlikda tezkor tadbir o‘tkazilgan. Unda fuqaro R.X. Yuqori Chirchiq tumani “Birlik” mahallasidagi “R.T.” MCHJga qarashli 7,8 gektar yer maydonini fuqaro M.X.ga 144 000 AQSH dollariga sotishga kelishgan. U go‘yoki yuqori lavozimda ishlovchi tanishlari yordamida yer maydonining kadastr hujjatlarini rasmiylashtirib berishi evaziga oldindan 10 000 AQSH dollarini olgan vaqtda ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Shuningdek, Departament hamda Samarqand viloyati DXX boshqarmalari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda, fuqaro K.F. o‘g‘li Sh.F.ning Samarqand tumanidagi “Q.M.” fermer xo‘jaligining 15 gektar yer maydonini firibgarlik yo‘li bilan fuqaro X.F.ga har bir gektarini 1 000 AQSH dollaridan hisoblab sotishga kelishib, 15 000 AQSH dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olingan.

Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) va 28, 211-moddasi (pora berish) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, Ohangaron tumanida joylashgan chorvachilikka ixtisoslashgan MCHJ rahbari jami 420 gektar yer maydonini yuqori lavozimda ishlovchi tanishlari orqali xaridor nomiga rasmiylashtirib berish evaziga 700 ming AQSH dollari talab qilib, 100 ming AQSH dollarini oldindan olgan vaqtida ushlangan edi. 


Maqola muallifi

Teglar

firibgarlik Ohangaron er sotish

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing