Toshkent viloyatida bir odam 52 kishiga koronavirus yuqtirgan – Alisher Shodmonov

Jamiyat

image

O‘zbekistonda koronavirus zanjir shaklida bir fuqarodan 50 ga yaqin odamga tarqalgan. Bu haqda bugun, 6 aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonov “O‘zbekiston 24” telekanali efirida aytib o‘tdi.

“Asosan xorijda ishlovchi shaxslar O‘zbekistonga qaytgandan so‘ng oila a’zolariga kasallikni yuqtirib qo‘ygan. Bunga bir qator misollar keltirish mumkin.

15 mart kuni xorijdan kelgan hamyurtimiz 15 nafar shaxsga kasallikni yuqtirgan.

27 mart kuni Andijonda kasalligi aniqlangan shaxsdan ota-onasiga koronavirus yuqqan. Uning otasi yana 36 hamkasbiga koronavirusni o‘tkazgan. Hamkasblaridan biri 4 nafar qarindoshiga yuqtirgan. Undan tashqari yana muloqotda bo‘lganlardan 3 kishiga kasallik o‘tgan. Bir kishidan 46 nafar odamga koronavirus tarqagan. Afsuski bu bemorimiz kasallik alomatlari ko‘rina boshlaganda ham shifokorlarga xabar bermagan.

Toshkent shahridagi bemorimiz turmush o‘rtog‘i bilan Turkiyaga borib kelgan. Ular oilasidagi 8 nafar shaxsga kasallikni yuqtirgan. Barchasini hozir davolayapmiz.

Toshkent viloyatidagi yana bir bemorimiz esa 26 martda kasallik boshlanganiga qaramay 5 kun davomida uyida yotgan. U faqat 30 mart kuni shifokorlarga murojaat qilgan va uni davolashga oldik. Ayni vaqtda bemorni sun’iy nafas beruvchi (IVL) apparatiga ulab qo‘yishga majbur bo‘ldik.

Toshkent viloyatidagi boshqa bir bemorimiz esa yo‘talish, tana haroratining ko‘tarilishi va xatto nafas siqishiga qaramay to‘rtta tashkilotga borgan. Biz majbur bo‘ldik o‘sha tashkilotlarning barchasini yopishga. Bu bemordan 52 kishi kasallikni yuqtirgan.

Yana bir bemor uchta tashkilotda ishlayotgan bo‘lgan. U sababli 100 dan ortiq insonlarni kuzatuvga olishga majbur bo‘ldik. Bemor kasallik boshlanganini bilgani holda shuncha odam bilan muloqotda bo‘lgan.

Bu jinoyat. Bila turib shuncha odamga kasalni yuqtirish xiyonatdir.

Yana bir fuqaromiz xorijda bo‘lgandan so‘ng 7 nafar oila a’zosiga yuqtirgan. U bilan muloqotda bo‘lgan 153 shaxsni kuzatuvda ushlab turibmiz.

Umumiy hisobda 7 mamlakatdan kirib kelgan 123 kishi va ular bilan muloqotda bo‘lganlar tufayli bemorlar soni 390 nafarga yetdi.

Eng yomoni to‘rt nafar bemorimiz kim bilan uchrashganini sir saqlagan. Faqatgina ular bilan muloqotda bo‘lganlarda isitma chiqqandan keyin biz buni bilyapmiz.

Yana bir misol — Turkiyadan kelgan er-xotinda shamollash belgilari bo‘lgan. Ammo ular xorijdan kelganini aytmagan va tibbiyot xodimlarini chalg‘itgan. Keyinchalik test o‘tkazilib koronavirus aniqlangandan keyin kasalni yashirganlarini yig‘lab tan olishdi. Natijada butun oila kasal bo‘lgan.

Afsuski bemorlar orasida kasallik aniqlangandan so‘ng ham shifokorlarga quloq solmasdan, o‘z bilganini qilib yurganlar uchrab turibdi. O‘zing butun mahallaga yuqtirib bo‘lding, kerak bo‘lsa yashirib yurding, xiyonat qilding, endi hech bo‘lmasa shifoxonaga kelgandan keyin shifokorlarning aytganini qilish kerak emasmi? Yo‘q, manmanlik bilan tavsiyalarga quloq solmasdan yurganlar ham bor. Mana shunday bemorlardan biri hozir IVL apparatiga ulab qo‘yilgan, sun’iy nafas berilyapti.

Mamlakatda cheklov choralari ko‘rilyapti. Hozir uyda bo‘lishimiz shart. Mashinasida, velosipedida, piyoda aylanib kelishga chiqayotganlarga murojaatim — hammamiz sabr qilishimiz kerak. Qachonki intizom bo‘lsa, barcha tartib-qoidaga bo‘ysunib, ikki hafta uyimizda o‘tirsak, hammasi o‘tib ketadi. Shunda birinchi navbatda oila a’zolarimizni saqlab qolgan bo‘lamiz.

Hatto oilada ham quchoqlashib ko‘rishmang. Hamma bilan masofada gaplashing”, dedi Alisher Shodmonov.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda koronavirusni yuqtirib olish bilan bog‘liq ilk holat joriy yilning 15 mart kuni qayd etilgan edi. Ayni vaqtgacha koronavirusga chalinganlar soni 390 nafarga yetdi. Ularning 30 nafari davolandi, 2 nafari vafot etdi.

Qadrli yurtdoshlar, karantin davrida zarurat bo‘lmasa, ko‘chaga chiqmang. Vaqtni oilangiz, farzandlaringiz davrasida o‘tkazing. Unutmang, #UydaHayotBor


Maqola muallifi

Teglar

Alisher Shodmonov Koronavirus O'zbekistonda

Baholaganlar

256

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing