Toshkent metrosidagi tabloda behayo yozuv paydo bo‘ldi. Holatga rasmiy izoh berildi

Jamiyat

image

Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent metropolitenining Sergeli yo‘nalishidagi “3-Bekat” stansiyasida vaqtni ko‘rsatuvchi soat darchasida harakatlanuvchi satrda nojo‘ya gap aks ettirilgan video tarqaldi.

“Toshkent metropoliteni” unitar korxonasi mazkur videoga o‘z munosabatini bildirib, holatga izoh berdi. 

Ta’kidlanishicha, ushbu hodisa bo‘yicha ichki xizmat tekshiruvi o‘tkazilgan. Natijada, joriy yilning 12 aprel kuni soat 16:40 da ushbu vaqtini ko‘rsatuvchi soat mexanizmiga xakerlar tomonidan kiberhujum (buzib kirish) sodir bo‘lganligi aniqlangan.

“Ushbu darcha elektron tizimli bo‘lib Wi-Fi orqali boshqariladi. Hujumchilar soatga o‘rnatilgan parolni buzib, harakatlanuvchi satrga nojo‘ya gapni joylashtirgan. Ta’kidlash joiz, mazkur gap 4 daqiqa ichida olib tashlandi. Huquqni muhofaza qilish organlari tomonidan aybdorlar qidirilmoqda va ularga nisbatan tegishli choralar ko‘riladi”, deyiladi kompaniya xabarida.

“Toshkent metropoliteni” UK telekommunikatsiya tarmog‘iga noqonuniy (sanksiyasiz) ulanishdan ogohlantirgan va bunga jinoiy javobgarlik belgilanganini eslatib o‘tgan.

Qayd etish kerakki, aprel oyida Toshkent metropoliteni tez-tez ijtimoiy tarmoqlarda muhokamalarga sabab bo‘lyapti. 7 aprelda O‘zbekiston yo‘nalishining “G‘afur G‘ulom” bekatida texnik sabablarga ko‘ra yo‘lovchilar zaxiradagi poyezdga ko‘chirilgan. Bu holat ijtimoiy tarmoqlarda metroda poyezdlar to‘qnashib ketdi, deya talqin qilingandi. 8 aprel kuni Sergeli yo‘nalishida metro poyezdi harakati to‘xtab qolgandi. Yo‘lovchilar esa evakuatsi qilingan. 10 aprel kuni esa eng sharmandali va xavfli holat yuz berdi. Poyezd Chilonzor yo‘nalishidagi “Pushkin” va “Buyuk ipak yo‘li” bekatlari oralig‘ida eshiklarini yopmasdan harakatlandi. Bu vaqtda vagonda yo‘lovchilar bo‘lgan, albatta.


Maqola muallifi

Teglar

metro

Baholaganlar

2539

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing