Toshkentda avtobus va metro yo‘lkirasi 47 foizga oshadi
Jamiyat
−
28 Sentyabr 24340 2 daqiqa
Joriy yilning 1 oktyabr sanasidan poytaxtda avtobus va metroda elektron to‘lov orqali bir martalik yo‘l haqi 1 700 so‘mdan 2 500 so‘mga ko‘tariladi, naqd puldagi to‘lov esa 3 000 so‘mligicha qoladi. Bu haqda Xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashining “Toshkent shahridagi jamoat transportida yo‘lkira haqi tarifini belgilash to‘g‘risida”gi qarorida belgilangan.
Qarorga muvofiq, elektron to‘lov orqali amalga oshiriladigan bir martalik qatnov narxi qariyb 47 foizga oshadi. Transport kartasidan foydalangan yo‘lovchilar uchun esa bir soat ichida boshqa yo‘nalishga o‘tishda imtiyozli tariflar saqlanadi.
Jumladan, yo‘lovchi avtobusda yo‘l haqini to‘lab, bir soat ichida boshqa avtobusga o‘tsa, ikkinchi qatnov uchun 1 500 so‘m to‘laydi. Uchinchi va undan keyingi avtobuslarda esa yo‘lovchi ushbu vaqt oralig‘ida bepul harakatlanishi mumkin.
Avtobus va metrodan birgalikda foydalanilganda ham imtiyozli tariflar amal qiladi. Bunda metroga kirish uchun birinchi qatnovda 2 500 so‘m, keyingi transport almashinuvida esa belgilangan tarif bo‘yicha 1 500 so‘mdan to‘lanadi. Imtiyoz metroda faqat bir soat ichida bir marta amal qiladi. Metroga ikkinchi marta kirilganda 60 daqiqalik hisob yangidan boshlanadi.
Shuningdek, transport kartalari uchun qatnovlar soniga bog‘liq tariflar ham belgilangan. Unga ko‘ra, faqat avtobusdan foydalanish uchun bir kunlik tarif 11 500 so‘m, 30 kunlik tarif esa 250 ming so‘mni tashkil etadi. Avtobus va metroda birgalikda foydalanish uchun kunlik tarif 13 500 so‘m, 30 kunlik tarif 345 ming so‘m etib belgilangan.
Bundan tashqari, yo‘lovchilar uchun 10, 20 va 30 martalik safar paketlari ham mavjud bo‘ladi. Ularning narxi mos ravishda 19 ming, 38 ming 500 va 57 ming 500 so‘mni tashkil etadi.
Qarorda o‘quvchilar, talabalar, nafaqaxo‘rlar hamda nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun transport kartalarining tarif rejalarini xarid qilishda belgilangan narxlarga nisbatan 50 foiz chegirma qo‘llanishi ham nazarda tutilgan. Yangi tariflar joriy yilning 1 oktyabridan kuchga kiradi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq poytaxt hokimligining “Toshkent shahridagi jamoat transportida yo‘lkira haqi tarifini belgilash to‘g‘risida”gi qarori loyihasi doirasida joriy yil 1 oktyabrdan boshlab Toshkent shahrida metro va avtobus uchun yo‘lkira 1 700 so‘mdan 2 500 so‘mga oshirilishi mumkinligi haqida xabar berilgan edi. Transport vazirligi mazkur tarif o‘zgarishi bo‘yicha yakuniy qaror hali qabul qilinmaganini, yo‘l haqining ehtimoliy oshirilishi tashuvchilarga qo‘yiladigan xizmat sifati talablari bilan birgalikda ko‘rib chiqilishi lozimligini ma’lum qilgandi.
Live
Barchasi