Toshkent xalqaro aeroportida kutib oluvchilar terminal ichiga kirishi mumkin bo‘ldi
Jamiyat
−
11 iyun 4107 2 daqiqa
Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida uchib kelish zali keng ko‘lamli rekonstruksiyasining birinchi bosqichi yakunlandi va zalning yangilangan o‘ng qismi foydalanishga topshirildi. Bu haqda Uzbekistan Airports xabar berdi.
Qayd etilishicha, zalning umumiy maydoni kengaytirildi, avtotransport va avtobuslar uchun yangi yo‘lak qurilgan, 120 o‘rinli avtoturargoh tashkil etilgan va yashil hudud barpo etilgan. Bino fasadining kengayishi uchib kelish zali maydonini 2100 kv.m ga oshirish imkonini bergan. Natijada bojxona hududi kengaytirilgan, qo‘shimcha yuk karuseli o‘rnatilgan, terminal ichida kutib oluvchilar uchun ilk bor 120 o‘rindiqli hudud tashkil etilgan.
Shuningdek, kutib oluvchilar maydonidan tashqari, qisqa muddatli to‘xtash uchun zalga tutashgan maxsus ajratilgan yo‘lak ochildi. Endi zal oldiga taksida ham, shaxsiy avtomobillarda va avtobuslarda ham kirish mumkin – yo‘lakda turish vaqti jo‘nab ketish zalidagi yo‘lak kabi 10 daqiqani tashkil etadi.
Rekonstruksiyaning ikkinchi bosqichini 2025 yilning oxirigacha yakunlash rejalashtirilgan. Uning davomida qo‘shimcha yuk tashish kamarini o‘rnatish, kafelar, do‘konlar va boshqa xizmatlar joylashgan kutib oluvchilar hududini kengaytirish nazarda tutilgan.
Yakuniy bosqich – kelish va jo‘nash zallarini yagona terminal majmuasiga birlashtirish. Ishlar yakunlangach, terminalning umumiy maydoni 10 ming kv.m dan oshadi, o‘tkazish qobiliyati esa soatiga 2400 yo‘lovchiga yetkaziladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Surxondaryo viloyatidagi Sariosiyo aeroporti 30 yildan so‘ng faoliyatini tiklab, ilk reysni qabul qilgandi.
Live
Barchasi