“Toshkent – Termiz” M-39 avtomagistralining 24 kilometrlik qismi yangilandi
Olam
−
13:34 1776 2 daqiqa
Qozog‘istonning Turkiston viloyatida “Toshkent – Termiz” xalqaro avtomobil yo‘lining 24,1 kilometrlik qismi rekonstruksiya qilinib, foydalanishga topshirildi. Bu haqda “24KZ” xabar berdi.
Qayd etilishicha, yangilangan M-39 avtomagistrali Maqtaaral tumani hududidan o‘tadi va Qozog‘iston hamda O‘zbekistonni bog‘laydi. Loyiha doirasida yo‘l birinchi toifali, to‘rt qatorli avtomobil yo‘liga aylantirilgan. Ta’mirlash ishlari 2024 yil sentyabrda boshlangan. Loyihaning umumiy qiymati esa 3 milliard tengeni tashkil etgan.
Mutaxassislar avval yo‘lning shikastlangan beton konstruksiyalarini tiklagan, keyin 400 ming kvadrat metr maydonga asfalt yotqizilgan. Shuningdek, yo‘l chetidagi to‘siqlar almashtirilgan va 6 ta ko‘prikda asfalt qoplamasi yangilangan.
Bildirilishicha, M-39 avtomagistrali chegaraoldi harakati uchun muhim yo‘nalishlardan biri hisoblanadi. U orqali yuk va yo‘lovchi tashuvlari amalga oshiriladi, yaqinida esa “Selinniy ” (O‘zbekiston tomonidan unga tutash bo‘lgan chegara punkti “Oq oltin” deb ataladi) va “Sirdaryo” nazorat-o‘tkazish punktlari joylashgan.
Maqtaaral tumani hokimi o‘rinbosari Serik Tursinqulovning aytishicha, yangilangan transport koridori chegara punktlarining o‘tkazish qobiliyatini oshirish va hududning tranzit imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qiladi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, trassa orqali har kuni 15 minggacha avtomobil harakatlanadi. Yangilangan yo‘l yuk tashish hajmi va xalqaro savdo o‘sishiga turtki berishi kutilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq 2026 yil 1 oktyabrdan “Olmaota – Toshkent” yo‘nalishida qatnaydigan xalqaro poyezd tarkibida ayollar uchun maxsus vagon joriy etilishi xabar qilingandi.
Live
Barchasi