Toshkent dengizida baliq ovlab, tabiatga 41 mln so‘m zarar yetkazganlar ushlandi
3-sahifa
−
07 Oktabr
6673Toshkent viloyati O‘rta Chirchiq tumanida noqonuniy tarzda baliq ovlab, tabiatga 41 million so‘m miqdorida zarar yetkazganlar qo‘lga tushdi. Bu haqda Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi xabar berdi.
Qayd etilishicha, Toshkent viloyati Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi boshqarmasi davlat inspektorlari hamda viloyat Milliy gvardiya boshqarmasi xodimlari tomonidan noqonuniy baliq ovlashning oldini olish maqsadida nazorat reyd tadbirlari o‘tkazilgan. O‘rta Chirchiq tumani O‘rtabo‘z mahallasida joylashgan Toshkent dengizi hududidagi reyd davomida S.Ch., I.N. va N.J. tomonidan suv omborida leskali to‘rlar bilan noqonuniy ravishda baliq ovlanayotgani aniqlangan. O‘rganish davomida huquqbuzarlarning yonidan jami 116 dona, 42 kg bo‘lgan oq sila, tovon baliq, zog‘ora baliq hamda oq qayroq baliqlari topilgan. Tabiatga 41 million so‘m zarar yetkazilgani aniqlangan.
Holat yuzasidan huquqbuzarlarga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 90-moddasi 1-qismi bilan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilgan. Shuningdek, reyd davomida topilgan 3 ta qayiq hamda 2 ming metrdan ziyod leskali to‘rlar holatga oydinlik kiritilgunga qadar vaqtincha saqlash uchun Toshkent viloyati Ekologiya boshqarmasi omborxonasiga joylashtirilgan.
Bildirilishicha, to‘plangan hujjatlar holatga qonuniy baho berish uchun fuqarolik ishlari bo‘yicha Toshkent viloyati O‘rta Chirchiq tuman sudiga yuboriladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Navoiy viloyatining Navbahor tumanida o‘tkazilgan reydda uch fuqaro Zarafshon daryosida elektr qarmoq yordamida 26 ta tovon, 8 ta oq amur, 6 ta do‘ngpeshona, 32 ta zog‘ora, 32 ta laqqa, 249 ta Samarqand loyxo‘ragi hamda 46 ta O‘zbekiston Qizil kitobiga kiritilgan Turkiston mo‘ylovdori baliqlarini ovlagani aniqlangan edi.
LiveBarchasi
06 noyabr