Toshkent hokimi yangi lavozimga tayinlandi
Jamiyat
−
02 Oktabr
34806Toshkent shahar hokimi Shavkat Umurzoqov O‘zbekiston shaxmat federatsiyasi Toshkent shahar bo‘limi raisi etib tayinlandi. Bu haqda Toshkent shahar sport boshqarmasi axborot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, bugun, 2 oktyabr kuni Toshkent shahar sport boshqarmasi mas’ullari, poytaxt sport maktablarining rahbarlari hamda shaxmat bo‘yicha murabbiy-mutaxassislar ishtirokida yig‘ilish bo‘lib o‘tgan. Unda shaharda shaxmat maktablarini tashkil etish va rivojlantirish, yoshlar o‘rtasida shaxmatga bo‘lgan qiziqishni oshirish masalalari muhokama qilingan.
Yig‘ilishda tashkiliy masala ko‘rilib, hozirda Toshkent shahar hokimi sifatida faoliyat ko‘rsatib kelayotgan Shavkat Umurzoqov O‘zbekiston shaxmat federatsiyasi Toshkent shahar bo‘limi raisi etib saylangan.
Bundan tashqari, O‘zbekiston shaxmat federatsiyasi Toshkent shahar bo‘limi raisining o‘rinbosarlari, ijrochi direktori hamda kotibi saylangan.
Ma’lumot uchun, Shavkat Umurzoqov 2023 yil 23 martdan buyon Toshkent shahar hokimi lavozimida faoliyat yuritib kelmoqda.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning iyul oyida Yunusobod tumani “Turkiston-53” saylov okrugida bo‘shab qolgan deputatlik o‘rniga poytaxt hokimi, O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasidan nomzodi ko‘rsatilgan Shavkat Bo‘ronovich Umurzoqov Xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashining deputati etib saylangan edi.