“Tolibon” yana Panjsherni to‘liq egallaganini e’lon qildi

Olam

image

Afg‘onistonning Panjsher viloyati butunlay “Tolibon” nazorati ostiga o‘tdi. Bu haqda Zabihulla Mujohid xabar bergan.  

“Dushman yollanma askarlarining oxirgi tayanch punkti — Panjsher viloyati to‘liq qo‘lga kiritildi. So‘nggi paytlarda mamlakatda to‘liq xavfsizlikni ta’minlashga qaratilgan sa’y-harakatlar ham o‘z natijasini berdi va Panjsher viloyati to‘liq Islom Amirligi nazoratiga o‘tdi”, degan Mujohid. 

Uning qo‘shimcha qilishicha, isyonchilarning bir qismi mag‘lub bo‘lgan, boshqalari qochib ketgan. “Tolibon” Panjsher aholisini zulm qilmaslikka ishontirdi.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 3 sentyabr kuni ham “Tolibon” Panjsher viloyatini egallagani aytilgandi. 

O‘z navbatida, Panjsher manbasi vodiy egallanmaganini va haligacha “Tolibon”ga qarshilik ko‘rsatishda davom etayotganini aytgandi.

Panjsher — “Tolibon”ga bo‘ysunmagan yagona viloyat

Ushbu viloyat Afg‘onistoning sharqida joylashgan bo‘lib, u yerda taxminan 150 ming aholi yashaydi. Qayd etish kerakki, viloyatning 98 foiz aholisi etnik tojiklardan tashkil topgan. Panjsherda “Tolibon”ga qarshi kuchlar to‘planayotgani ham aytilmoqda va hozirda ushbu provinsiya toliblarga qarshilik ko‘rsatish markazi bo‘lishi taxmin qilinyapti. 

Bu yerda Afg‘onistonning bir qator nufuzli siyosiy figuralari jamlangan: mamlakatning 1992-1996 yillardagi Mudofaa vaziri, mashhur “dala qo‘mondoni” Ahmad Shoh Mas’udning o‘g‘li Ahmad Mas’ud, birinchi vitse-prezident Amrulloh Solih, Marshal Abdul-Rashid Do‘stum hamda uning o‘g‘li Yormuhammad Do‘stum

Afg‘onistondagi vaziyat

AQSHning Afg‘onistonda 20 yil davom etgan harbiy operatsiyasi Prezident Jo Bayden davriga kelib yakunlandi. AQSH qo‘shinlari joriy yilning 31 avgust kuni mamlakatni tark etdi. Bunga qadar Yevropaning boshqa davlatlari, jumladan Britaniya va Germaniya ham mamlakatni tark etdi. Ushbu jarayon yakunlanmasidan “Tolibon” harakati poytaxt Qobulni egallab, joriy yilning 15 avgust kuni Afg‘oniston Islom Respublikasini qulatdi. 19 avgust kuniga kelib toliblar Afg‘oniston Islom Amirligi tuzulganini e’lon qildi.


Maqola muallifi

Teglar

Tolibon Panjsher

Baholaganlar

278

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing