“Tolibon” va qarshilik kuchlari o‘rtasidagi muzokaralar muvaffaqiyatsiz yakunlandi 

Olam

image

Afg‘onistonda hokimiyatni qo‘lga olgan “Tolibon” harakati va Panjsher viloyatidagi qarshilik kuchlari o‘rtasidagi muzokaralar muvaffaqiyatsiz yakunlandi. Bu haqda “TOLOnews” telekanali Harakatni boshqarish bo‘yicha komissiya rahbari Amir Xon Mottakiyga tayanib ma’lum qilgan.  

Qarshilik vakillari bu ma’lumotga hozircha izoh bermagan. 

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 30 avgust kuni qarshilik kuchlari toliblarning mintaqaning g‘arbiy qismidagi avanpostlardan biriga uyushtirgan hujumini qaytargandi.  

Milliy qarshilik fronti va “Tolibon” delegatsiyasi o‘rtasida birinchi to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokaralar o‘tgan hafta Chorikor shahri (Parvon viloyati ma’muriy markazi)da bo‘lib o‘tgan. Unda tomonlar “harbiy to‘qnashuvning oldini olish uchun muloqotni davom ettirishga” kelishib olgan.  

Avvalroq, Afg‘onistonning Tojikistondagi elchisi Muhammad Zohir Agbar qarshilik kuchlari mamlakatning boshqa viloyatlariga ham tarqalishi mumkinligini aytgandi. 

Ma’lumot uchun, joriy yilning may oyida AQSH boshliq xalqaro koalitsiya kuchlari Afg‘onistonni tark etishni boshlashi bilan "Tolibon" harakati hukumat nazoratidagi hududlarni egallab ola boshladi. Avgust oyiga kelib, toliblar yirik shaharlarga yurish boshladi.

Oradan ko‘p o‘tmay, joriy yilning 15 avgust kuni Qobulning “Tolibon” qo‘liga o‘tishi bilan Afg‘onistonda harakat hokimiyati o‘rnatildi. Prezident Ashraf G‘ani esa iste’fo berganini hamda mamlakatni tark etganini ma’lum qildi. Hokimiyatni "Tolibon"ga o‘tishini ta’minlash uchun Muvofiqlashtirish kengashi tuzilib, unga Abdulla Abdulla va Hamid Karzay kiritilgandi.

Joriy yilning 19 avgust kuni esa harakat rasmiy bayonot bilan chiqib, mamlakatda Islom Amirligi tuzilganini e’lon qildi. "Tolibon" vakili Vohidulla Hoshimiy harakat Afg‘onistonda demokratik davlat qurmasligini ma’lum qildi.

Hozirda faqatgina Panjsher viloyati toliblar hokimiyatini tan olmayapti. Viloyatda "Tolibon"ga qarshi kuchlar yig‘ilmoqda. Ularga esa mashhur "dala qo‘mondoni" Ahmad Shoh Mas’udning o‘g‘li Ahmad Mas’ud boshchilik qilyapti.


Maqola muallifi

Teglar

Afg'oniston Panjsher

Baholaganlar

164

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing