“Tolibon” Tojikiston bilan chegaradagi tumanni egalladi — OAV
Olam
−
21 iyun 2021
25676“Tolibon” harakati Afg‘onistonning Qunduz viloyatidagi Imom Sohib tumanini nazoratiga oldi. Mazkur tuman Tojikistonning Xatlon viloyati Panj tumani bilan chegaradosh. Bu haqda “Asia plus” afg‘onistonlik jurnalist Ajmal Kokarga tayanib xabar berdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, “Tolibon” tumanni bugun egallagan va hozirda Qunduz shahrini qamal qilgan. Ammo hozircha yo‘qotishlar haqida ma’lumot berilmagan.
“Shahar darvozalari allqachon toliblar qo‘liga o‘tgan, shahar qamal ostida. Qunduzdagi vaziyat keskin tus olyapti. Hozircha yo‘qotishlar bo‘lmasligi ham mumkin, negaki hukumat askarlari chekinmoqda”, degan Kokar.
Ajmal Kokarning aytishicha, Imom Sohib toliblar Tojikiston bilan chegaradagi Sherxon bandar chegara qishlog‘i va daryo portiga yaqinlashdi. U Imom Sohibdan g‘arbda Panj daryosining janubiy sohilida joylashgan, qarshi tomonda esa Quyi Panj tojik qishlog‘i joylashgan.
Afg‘onistonda so‘nggi bir necha oy ichida ko‘plab hududlar “Tolibon” qo‘liga o‘tdi. Birgina so‘nggi 2-3 kun ichida hukumat kuchlari 15 tumanni tark etishga majbur bo‘ldi. Faryobda allaqachon viloyat markazi Maymana uchun janglar boshlangan.
Afg‘oniston parlamentidagi ushbu mintaqa vakillarining aytishicha, agar ular hukumat kuchlariga yordam berish uchun qo‘shimcha kuchlar yubormasalar, u holda mintaqaning markazi ham “Tolibon” qo‘liga o‘tadi.
Shuningdek, Tojikiston bilan chegaradagi Tohar viloyatining 8 ta tumani ham allaqachon “Tolibon” tomonidan egallangan. Afg‘onistonning “Tolonews” telekanalining xabar berishicha, o‘tgan kun davomida Tohar viloyatidagi Chol, Namakob, Yangiqal’a, Xo‘jagor, Xo‘jabahovaddin, Darkad, Dashti Qal’a, Xazorsamuch, Qunduzdagi Dashti Archi, Samangondagi Darayi So‘fi bolo, Balxdagi Chahorbuloq, Juzjondagi Mangajik va Xonaqox, Nimruzdagi Xazorsamuch, Lugardagi Harvor toliblar nazoratiga o‘tgan.
Ma’lumot uchun, 1 may kuni AQSH boshchiligidagi xorijiy davlatlar askarlari Afg‘onistondan chiqib ketishni boshlagandan so‘ng, “Tolibon” jangarilari hukumat kuchlariga qarshi qattiq kurashni boshlab yubordi.
Avvalroq, Afg‘onistondagi o‘zbek va turkman diasporasi rahbari Marshal Abdul Rashid Do‘stum toliblarga qarshi jangda yaralangani va mamlakatni tark etgani haqida ma’lumotlar tarqalgani xabar qilingan.
Faollashib qolgan “Tolibon”
So‘nggi bir oy ichida u “Tolibon” kuchlari bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri Faryob, Juzjon va Sari-Pul hududlarida kurash olib borgandi.
Qayd etish kerakki, AQSH o‘z qo‘shinlarini Afg‘onistondan olib chiqishni boshlagandan beri “Tolibon” keskin harakat qilmoqda. Xususan, joriy yilning iyun oyida “Tolibon” harakati Afg‘oniston shimolidagi Faryob provinsiyasining Davlat Obod, Qaysar va Ghor provinsiyasining Shahrek hamda Uruzgan provinsiyasining Gizob tumanlarini qo‘lga kiritgan edi.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning may oyida AQSH Afg‘onistondan o‘z qo‘shinlarini olib chiqish ishlarini boshlab yubordi. Shu vaqtgacha Amerika o‘z harbiy kontingentining uchdan bir qismini bu mamlakatdan olib chiqib ketdi.
Ma’lumot o‘rnida, 2020 yil fevral oyi oxirida AQSH va “Tolibon” tinchlik shartnomasini imzoladi. Kelishuvga ko‘ra, Amerika qo‘shinlari shartnoma tuzilganidan 14 oy o‘tgach, aniqrog‘i 2021 yilning mayigacha Afg‘onistonni tark etishi kerak edi. Biroq bu jarayonning “start” olishi biroz kechikdi.
Joriy yilning 14 aprel kuni Prezident Jo Bayden AQSHning Afg‘onistondagi missiyasi yakunlanganini va 1 maydan boshlab ushbu mamlakatdan qo‘shinlarini olib chiqishni boshlashini e’lon qildi. Unga ko‘ra, qo‘shinlarni olib chiqib ketish 11 sentyabrgacha yakunlanishi kerak.
LiveBarchasi