“Tolibon” Panjsherga hujum boshladi
Olam
−
02 Sentabr 2021
17322“Tolibon” Afg‘onistonning Panjsher viloyatida Milliy qarshilik fronti jangarilariga keng ko‘lamli hujum uyushtirdi. Bu haqda TASS xabar berdi.
“Operatsiya davomida to‘qqiz nafar jangari, shuningdek, ikki nafar dala qo‘mondoni o‘ldirilgan, ko‘plab qurol-yarog‘ va o‘q-dorilar esa qo‘lga kiritilgan”, deydi harbiy manba agentlikka.
Unga ko‘ra, “Tolibon” Darband-Garani, Gulbahor va Shatal tumanlarida 11 ta dushman o‘t otish chizig‘ini yo‘q qilishga muvaffaq bo‘lgan.
Kecha, 1 sentyabr kuni Milliy qarshilik kuchlari “Tolibon”ga qarshi chiqqanlarning asosiy tayanch punktiga aylangan Panjsher darasidagi oltita pozitsiyani harakat egallab olgani haqidagi ma’lumotni inkor qilgan.
Milliy qarshilik fronti vakili Fahim Dashtining jurnalistlarga ma’lum qilishicha, o‘tgan bir kun ichida “Tolibon” Panjsherga bir necha marotaba hujum uyushtirgan, ammo mag‘lubiyatga uchragan. Unga ko‘ra, 40 ga yaqin toliblar o‘ldirilgan, yana 35 kishi yaralangan. Dashtining qo‘shimcha qilishicha, harakat Panjsherga qo‘shni Bog‘lon viloyatidan hujum qilmoqda.
Bundan avval, “Tolibon”ning Boshqaruv bo‘yicha komissiyasi rahbari, shuningdek Panjsher gubernatori Amir Xon Mottaki harakat va qarshilik kuchlari o‘rtasidagi muzokaralar muvaffaqiyatsiz bo‘lganini ma’lum qilgan.
Ma’lumot uchun, joriy yilning may oyida AQSH boshliq xalqaro koalitsiya kuchlari Afg‘onistonni tark etishni boshlashi bilan "Tolibon" harakati hukumat nazoratidagi hududlarni egallab ola boshladi. Avgust oyiga kelib, toliblar yirik shaharlarga yurish boshladi.
Oradan ko‘p o‘tmay, joriy yilning 15 avgust kuni Qobulning “Tolibon” qo‘liga o‘tishi bilan Afg‘onistonda harakat hokimiyati o‘rnatildi. Prezident Ashraf G‘ani esa iste’fo berganini hamda mamlakatni tark etganini ma’lum qildi. Hokimiyatni "Tolibon"ga o‘tishini ta’minlash uchun Muvofiqlashtirish kengashi tuzilib, unga Abdulla Abdulla va Hamid Karzay kiritilgandi.
Joriy yilning 19 avgust kuni esa harakat rasmiy bayonot bilan chiqib, mamlakatda Islom Amirligi tuzilganini e’lon qildi. "Tolibon" vakili Vohidulla Hoshimiy harakat Afg‘onistonda demokratik davlat qurmasligini ma’lum qildi.
Qayd etish kerakki, hozirda faqatgina Panjsher viloyati toliblar hokimiyatini tan olmayapti. Viloyatda "Tolibon"ga qarshi kuchlar yig‘ilmoqda. Ularga esa mashhur "dala qo‘mondoni" Ahmad Shoh Mas’udning o‘g‘li Ahmad Mas’ud boshchilik qilyapti.
Avvalroq, “Tolibon” harakati o‘ziga bo‘ysunmayotgan Panjsher viloyatidagi qarshilik kuchlariga hujum qilishi oqibatida 300 dan ortiq jangarisini yo‘qotgandi.
LiveBarchasi