“Tolibon” Afg‘onistonga harbiy samolyotlar yuborgan AQSHni ogohlantirdi
Olam
−
09 avgust 2021
27816“Tolibon” harakati AQSHni ogohlantirdi: harakat rasmiy Vashingtondan Afg‘oniston ishlariga aralashmaslikni so‘radi. Bu haqda RIA Novosti xabar bermoqda.
Xabarga ko‘ra, harakat vakili “Tolibon” va hukumat o‘rtasida “Afg‘onistonda o‘t ochishni to‘xtatish to‘g‘risida kelishuv yo‘qligini” ta’kidlagan. Uning so‘zlariga ko‘ra, Afg‘onistonda sodir bo‘layotgan voqealarga, shuningdek, bir nechta viloyatlarda boshlangan urushlarga hukumatning o‘zi aybdor.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 7 avgust kuni AQSHning “V-52 Stratofortress” bombardimonchi samolyotlari Juzjon viloyatining Shibirg‘on shahrida “Tolibon”ga qarshi aviahujum uyushtirgan. Afg‘oniston Mudofaa vazirligi matbuot kotibi Favad Omonning so‘zlariga ko‘ra, buning natijasida 200 dan ortiq “Tolibon” jangarisi, shuningdek, 100 dan ortiq transport vositalari, ko‘p miqdordagi qurol va o‘q-dorilar yo‘q qilingan.
Afg‘onistonda harbiy harakatlarni tindirmayotgan “Tolibon” oxirgi marta mamlakat shimolidagi Qunduz shahrini egalab oldi.
Qayd etish kerakki, 375 ming aholi yashaydigan Qunduz — joriy yilning may oyida hujum boshlaganidan buyon toliblar qo‘liga o‘tgan birinchi yirik shahar. Shahar strategik jihatdan muhim ahamiyatga ega. Uni Afg‘onistonning shimoliy viloyatlari va Markaziy Osiyo “darvozasi”, deb atashadi. Shahar Tojikiston bilan chegaradosh.
Ma’lumot o‘rnida, Afg‘onistonda hukumat kuchlari va “Tolibon” o‘rtasidagi qarama-qarshilik bir necha yillardan beri davom etmoqda. So‘nggi keskin qurolli to‘qnashuvlar joriy yilning may oyida AQSH qo‘shinlari mamlakatni tark etishni boshlaganida avj oldi. Qishloqlar va chegaraning muhim hududlarini egallab olgan “Tolibon” yirik shaharlarga qarshi hujum uyushtirmoqda.
LiveBarchasi