“Tolibon” Afg‘onistondagi zilzila qurbonlari uchun $11 mlnga yaqin mablag‘ ajratadi
Olam
−
23 iyun 2022
5149“Tolibon” Afg‘oniston sharqidagi Paktika va Xost viloyatlarida zilzila qurbonlariga yordam berish uchun 1 milliard afg‘oni (taxminan 11 million dollar) ajratadi. Bu haqda TOLOnews nashri xabar berdi.
Favqulodda vaziyatlar vaziri o‘rinbosari mulla Sharafuddin Muslimning aytishicha, qurbonlar soni 1000 nafar, yaradorlar soni esa 1500 mingdan oshgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, qurbonlarning oilalari hukumatdan har biri 100 ming afg‘on (1100 dollar), yaradorlar uchun esa 50 ming afg‘on (550 dollar) oladi.
Shuningdek, amaldor xalqaro hamjamiyatdan zilzila oqibatlarini bartaraf etishda yordam so‘ragan.
Eslatib o‘tamiz, kecha, 22 iyun kuni Toshkent vaqti bilan 01:55 atrofida Afg‘onistonda zilzila sodir bo‘lgandi va bu O‘zbekistonning to‘rtta viloyatida ham sezilgandi.
Afg‘onistonning sharqiy qismida yuz bergan zilzila oqibatida avvaliga 255 kishi halok bo‘lgani, kamida 150 kishi jarohat olgani haqida ma’lum qilindi. Keyinchalik esa qurbonlar soni 1000 nafardan ortib ketdi, jarohatlanganlar esa 610 kishiga yetdi.
Mamlakatni boshqarayotgan "Tolibon" harakati rahbari Haybatulloh Oxundzoda Xost va Paktika viloyatlarida yuz bergan zilzila munosabati bilan xalqaro tuzilmalardan yordam so‘radi.
O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi zilzilaga munosabat bildirib, rasmiy Toshkent Afg‘onistonga tabiiy ofat oqibatlarini bartaraf etishda yordam berishga tayyorligini e’lon qildi.
LiveBarchasi