“Tolibon” hech qanday davlatning yordamiga muhtoj emasligini ma’lum qildi
Olam
−
04 Sentabr 2021
15315Afg‘oniston o‘z xavfsizligini ta’minlash uchun AQSH yoki boshqa davlatlarning yordamiga muhtoj emas. Bu haqda “Tolibon” harakatining madaniyat bo‘yicha komissiya a’zosi Anamulla Samanganiy ma’lum qildi.
“Biz davlat xavfsizligini o‘z kuchimiz bilan ta’minlashga to‘liq tayyormiz. Bu borada AQSH yoki boshqa davlat yordami kerak emas”, deydi Samanganiy.
AQSH Qurolli Kuchlari Bosh shtabi qo‘mitasi raisi, general Mark Millning ta’kidlashicha, Amerika ISHIDga qarshi kurashish uchun “Tolibon” bilan muvofiqlashtirish imkoniyatini cheklamaydi.
Ma’lumot uchun, joriy yilning may oyida AQSH boshliq xalqaro koalitsiya kuchlari Afg‘onistonni tark etishni boshlashi bilan "Tolibon" harakati hukumat nazoratidagi hududlarni egallab ola boshladi. Avgust oyiga kelib, toliblar yirik shaharlarga yurish boshladi.
Oradan ko‘p o‘tmay, joriy yilning 15 avgust kuni Qobulning “Tolibon” qo‘liga o‘tishi bilan Afg‘onistonda harakat hokimiyati o‘rnatildi. Prezident Ashraf G‘ani esa iste’fo berganini hamda mamlakatni tark etganini ma’lum qildi. Hokimiyatni "Tolibon"ga o‘tishini ta’minlash uchun Muvofiqlashtirish kengashi tuzilib, unga Abdulla Abdulla va Hamid Karzay kiritilgandi.
Joriy yilning 19 avgust kuni esa harakat rasmiy bayonot bilan chiqib, mamlakatda Islom Amirligi tuzilganini e’lon qildi. "Tolibon" vakili Vohidulla Hoshimiy harakat Afg‘onistonda demokratik davlat qurmasligini ma’lum qildi.
LiveBarchasi