Toliblar Afg‘oniston shimolida tuzoqqa tushadi — Marshal Abdul Rashid Do‘stum

Olam

image

“Tolibon” harakati jangarilari avval ham Afg‘oniston shimoliga hujum uyushtirgan va tuzoqqa tushgan. Bu haqda Afg‘onistonning sobiq vitse-prezidenti Marshal Abdul Rashid Do‘stum jurnalistlarga ma’lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Afg‘oniston shimolida toliblarga o‘rin yo‘q.

“Toliblar avval bir necha marta Afg‘oniston shimolini egallashga harakat qilgan, biroq ularning rahbarlari tuzoqqa tushib qolgan. Bu safar toliblar mamlakat shimolini tark etishi oson bo‘lmaydi, ular yana pistirmaga tushadi”, degan Do‘stum.

Afg‘oniston sobiq vitse-prezidentining ta’kidlashicha, mamlakat shimolidagi viloyatlar aholisi “Tolibon” borligiga qarshi isyon ko‘taradi va ular mintaqada mag‘lub bo‘ladi.

Kecha, 11 avgust kuni ertalab Afg‘oniston Prezidenti Ashraf G‘ani, Do‘stum va boshqa mamlakatning siyosiy rahbarlari mamlakat shimoli va shimoli -sharqiy viloyatlarida “Tolibon”ga qarshi operatsiyalarni boshlash bilan bog‘liq xavfsizlik masalalari bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi.

Ma’lumot uchun, “Tolibon” vakilining so‘zlariga ko‘ra, mamlakatdagi 34 viloyat markazidan 9 tasi harakat nazoratida bo‘lib turibdi. Nimro‘z, Juzjon, Sari-Pul, Qunduz, Taxor, Samangan, Farax, Bog‘lon va Badaxshon viloyatlari markazini egallagan. Toliblar o‘zi egallagan shaharlarda birinchilardan bo‘lib qamoqxonalardag mahkumlarni ozod qilmoqda.

Faollashgan “Tolibon” va Afg‘onistondagi keskinlik

Afg‘onistondagi xavfsizlik bilan bog‘liq vaziyat joriy yilning aprelida AQSH Prezidenti Jo Baydenning respublikada Amerika qurolli kuchlarining operatsiyasi yakuniga yetganini e’lon qilganidan so‘ng, ancha yomonlashdi. 

Joriy yilning 13 iyul holatiga ko‘ra, Qo‘shma Shtatlar o‘z qo‘shinlarining 95 foizidan ko‘prog‘ini Afg‘onistondan olib chiqib ketib bo‘ldi. Bu jarayon 31 avgustga qadar yakunlanishi kutilmoqda. Shtatlar kabi NATOning boshqa a’zolari ham Afg‘onistonni tark etmoqda. Jumladan, ItaliyaAvstraliya va Germaniya kuchlari, allaqachon, mamlakatdan chiqib ketgan.

Xorijiy qo‘shinlarning Afg‘onistonni tark etishi fonida “Tolibon” harakati mamlakat hududlari ustidan nazoratni o‘rnatish maqsadida hujumlarni kuchaytirmoqda. Toliblarning ta’kidlashicha, ular ayni paytda Afg‘onistonning 85 foizini nazorat qilmoqda. Bundan tashqari, harakat kuchlari bir qator qo‘shni davlatlar — Turkmaniston, Tojikiston, Eron va Pokiston bilan chegarada joylashgan nazorat punktlarini ham egallab olgan. Shunday bo‘lsa-da, harakat vakillari Afg‘onistondan tashqariga chiqmasliklarini va qo‘shni davlatlarga xavf solmasliklarini qayta va qayta ta’kidlamoqda.


Maqola muallifi

Teglar

Abdul Rashid Do'stum

Baholaganlar

897

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing