Marshal Do‘stum Mirziyoyevning BMTdagi chiqishi dunyo o‘zbeklari uchun iftixor ekanini aytdi
Intervyu
−
26 Sentabr 2020
28712Ma’lumki, joriy yilning 23 sentyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining yetmish beshinchi sessiyasida ishtirok etib, ilk bor ushbu yuqori minbardan o‘zbek tilida nutq qildi. Bu nafaqat o‘zbekistonliklar, balki dunyo o‘zbeklari uchun ham tarixiy voqea bo‘ldi. Afg‘oniston milliy islomiy harakati asoschisi, Afg‘oniston o‘zbeklari rahbari Marshal Abdul Rashid Do‘stum Mirziyoyevning o‘zbek tilida nutq so‘zlashini olqishlab, Afg‘onistonda tinchlik o‘rnatilishida O‘zbekistonning sa’y-harakatlarini e’tirof etdi.
“O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Miromonovich Mirziyoyevning Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 75-sessiyasida so‘zlagan nutqini alohida tarixiy voqea deb hisoblayman.
Bu nutqda dunyodagi va mintaqadagi muammolar xususida O‘zbekiston siyosiy yondashuvi aniq va teran yoritib berilgan. O‘zbekiston Prezidenti ushbu chiqishining tarixiy ahamiyati shundan iboratki, BMT tarixida ilk marotaba mustaqil O‘zbekiston rahbari o‘zbek tilida nutq so‘zladi.
Men bundan shaxsan o‘zim o‘zbek o‘g‘loni va afg‘onistonlik o‘zbeklarning rahbari sifatida faxrlanaman. Bu biz uchun yuksak iftixordir.
O‘zbek tilida so‘zlangan bu nutq nafaqat 34 millionlik O‘zbekiston ahlini, balki dunyodagi ko‘plab mamlakatlarda yashovchi millatdoshlarimizni, xususan, Afg‘onistondagi o‘zbeklarni ham chin ma’noda g‘ururlantirdi”, deydi Do‘stum.
Prezident Mirziyoyev joriy yilning sentyabr oyida Doha shahrida afg‘on siyosiy kuchlari o‘rtasida boshlangan tinchlik muzokaralarini to‘la qo‘llab-quvvatlashini bildirdi.
O‘zbekiston rahbari Birlashgan Millatlar Tashkiloti huzurida afg‘on xalqining dardu tashvishini tinglaydigan, doimiy faoliyat ko‘rsatadigan qo‘mita tashkil etishni taklif qildi. Unga ko‘ra, qo‘mitaning asosiy vazifasi Afg‘onistonning iqtisodiy va ijtimoiy rivojlanishiga ko‘mak berishdan iborat bo‘lishi zarur.
Marshal Do‘stum fikrlarini davom ettirib, Mirziyoyevning oxirgi yillarda olib borayotgan siyosati va Afg‘onistonda tinchlikni tiklash borasidagi islohotlari haqida so‘z yuritdi.
“O‘zbekiston Respublikasining, xususan, Prezident Shavkat Mirziyoyevning oxirgi yillarda olib borayotgan siyosati va islohotlari nafaqat mamlakat ichidagi oqilona o‘zgarishlarga, balki O‘zbekistonning mintaqadagi va dunyodagi siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy jarayonlarda faol ishtirok etishiga xizmat qilmoqda.
O‘zbekiston har doim o‘zining tinchlikparvarlik siyosati bilan dunyo hamjamiyatida o‘z o‘rniga ega bo‘lib kelgan. 2001 yil oxirida Afg‘onistonda boshlangan xalqaro terrorizmga qarshi kurashni amalga oshirish tashabbuschilaridan biri ham O‘zbekiston edi.
O‘tgan yillar davomida O‘zbekiston o‘z yo‘lida davom etdi, qo‘shni Afg‘onistonda tinchlik va barqarorlikni ta’minlash, bu mamlakatni mintaqaviy jarayonlarga faol jalb qilish uchun barcha imkoniyatlarni ishga soldi.
Xususan, 2018 yil mart oyida O‘zbekiston Prezidenti tashabbusi bilan o‘tkazilgan oliy darajadagi Toshkent konferensiyasi afg‘on muammosini tinchlik yo‘li bilan hal qilishga asosiy turtki bo‘ldi. Olib borilgan sa’y-harakatlar natijasida yaqinda Qatarning Doha shahrida birinchi marta afg‘onlararo muzokaralar o‘tkazildi. O‘ylaymanki, bu boshlangan ezgu ish o‘z ijobiy natijasini beradi.
O‘zbekiston hukumatining Afg‘oniston hududida barpo etishi kutilayotgan “Surxon – Pul-i Xumri” elektr uzatish tarmog‘i hamda Mozori-Sharif shahridan Hind okeaniga olib chiquvchi temir yo‘l loyihalari mening yurtimning iqtisodiy-ijtimoiy rivojiga ulkan hissa qo‘shadi. Mazkur tashabbuslar tarixda ikki davlatni chambarchas bog‘lovchi ramziy ko‘prik sifatida qolishiga ishonaman”, deydi Do‘stum.
LiveBarchasi