Surxondaryodan Puli-Xumriga. O‘zbekiston Afg‘onistonga yana elektr energiyasi bermoqchi
Jamiyat
−
23 mart 2023
5093Avvalroq, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning tashqi siyosat bo‘yicha maxsus vakili Abdulaziz Komilov va Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakil Ismatulla Irgashevdan iborat delegatsiya Qobulga borgani haqida xabar bergan edik. U yerda O‘zbekiston delegatsiyasi Afg‘oniston Bosh vaziri o‘rinbosari vazifasini bajaruvchi Mulla Abdul G‘ani Barodar, Tashqi ishlar vaziri vazifasini bajaruvchi Amirxon Muttakiy, Mudofaa vaziri vazifasini bajaruvchi mulla Yoqub Mujohid, muvaqqat hukumatning boshqa a’zolari va iqtisodiy tuzilmalar vakillari bilan qator uchrashuvlar o‘tkazdi. Bu haqda O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi xabar berdi.
Muzokaralar chog‘ida o‘zaro savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirish, Afg‘oniston hududi orqali turli tranzit yuklarni tashish hajmini oshirish kabi masalalar muhokama qilingan.
Muhim transport-energetika loyihalarini amalga oshirish, xususan, “Termiz–Mozori-Sharif–Qobul–Peshovar” temir yo‘lini qurish, “Surxon–Puli-Xumri” yo‘nalishi bo‘ylab elektr tarmog‘ini tortish masalalari alohida ko‘rib chiqilgan.
Tomonlar ishning amaliy bosqichiga tezroq o‘tish zarurligini ta’kidladilar va ikki tomonlama kun tartibidagi barcha masalalar bo‘yicha konstruktiv muloqotni davom ettirishga tayyor ekanliklarini tasdiqladilar.
Muloqotlar chog‘ida ayollar huquqlarini hurmat qilish va himoya qilish, qizlarning Afg‘onistonda ta’lim olishini ta’minlash, shuningdek, Termiz shahridagi Ta’lim markazi negizida afg‘on kadrlarini tayyorlash zarurligi ta’kidlandi.
Uchrashuvlar doirasida suv-energetika sohasidagi hamkorlik masalalariga alohida e’tibor qaratilgan.
Qayd etilishicha, muzokaralar o‘zaro anglashuv ruhida o‘tdi va muhokama qilingan masalalar yuzasidan tomonlar o‘zaro hamkorlikni yanada kengaytirish istagini bildirgan.
LiveBarchasi