TIV Qozog‘istondan qaytayotgan fuqarolarni firibgarlardan ogohlantirdi
Jamiyat
−
28 may 2020
5639Qozog‘istondagi O‘zbekiston fuqarolari “Jibek Joli” – “G‘isht Ko‘prik” nazorat-o‘tkazish punkti orqali mamlakatga o‘tkazilmoqda. Bu haqda Respublika tashqi ishlar vazirligi ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, Qozog‘istonning qator hududlarida karantin rejimining yengillashtirilganligi munosabati bilan fuqarolar O‘zbekiston hududiga o‘tish maqsadida “Jibek Joli” – “G‘isht Ko‘prik” nazorat-o‘tkazish punktiga kelishmoqda.
“O‘zbekiston Respublikasi va Qozog‘iston Respublikasi chegara va sanitar-epidemiologik xizmatlarining hamkorlikdagi faoliyati natijasida hamyurtlarimizni mamlakatimiz hududiga karantin choralariga amal qilgan holda o‘tkazilmoqda.
Bosh konsulxona “Jibek Joli” nazorat-o‘tkazish punktiga kelayotgan O‘zbekiston fuqarolarini ma’lum to‘lov evaziga davlatlararo chegarani kesib o‘tishda ko‘maklashishni taklif qiluvchi turli shaxslarga murojaat qilmaslikka yana bir bor chaqiradi“, deyiladi TIV xabarida.
Odatdagi tartibda faoliyat ko‘rsatayotgan “Jibek Joli” – “G‘isht Ko‘prik” nazorat-o‘tkazish punktida hozirda Olma-otadagi Bosh konsulxonaning xodimi ishlamoqda hamda O‘zbekiston fuqarolariga zarur konsullik-huquqiy va boshqa turdagi yordam ko‘rsatmoqda.
Qozog‘istonning Olma-ota va Chimkent shaharlari, Olma-ota, Sharqiy Qozog‘iston, Turkiston, Jambil va Qizilo‘rda viloyatlari hududida bo‘lib turgan O‘zbekiston fuqarolari zarur hollarda Olma-ota shahridagi Bosh konsulxonaga quyidagi telefon raqamlari orqali murojaat qilishlari mumkinligini aytilgan: +7-727-299-20-70, +7-727-390-26-16.
Eslatib o‘tamiz, Sardoba suv omborining dambasi o‘pirilishi sabab kelib chiqqan favqulodda vaziyat barqarorlashgandan so‘ng, Qozog‘iston O‘zbekiston bilan chegarani ochilishi ma’lum qilingan edi. Shuningdek, TIV rus-qozoq chegarasida qolib ketgan o‘zbekistonliklar qaytarilishi haqida ham ma’lum qilgan edi.
LiveBarchasi