Tinch osmonni ko‘rmaganlar: Kiyevda urush vaqti tug‘ilgan bolalar 750 nafardan oshib ketdi

Olam

image

Rossiya-Ukraina urushining dastlabki 22 kunida Kiyevda 750 nafardan ortiq nafar bola tug‘ildi. Bu haqda shahar merining birinchi o‘rinbosari Nikolay Povoroznik ma’lum qildi.

Ta’kidlanishicha, urush boshlanganidan buyon poytaxtda 757 nafar bola, jumladan, 403 nafar o‘g‘il va 354 nafar qiz farzand dunyoga kelgan. Tug‘ilganlar orasida 13 egizak ham bor.

Mahalliy nashrlada qayd etilishicha, bugun, 18 mart holatiga ko‘ra, Ukrainada 109 nafar bola halok bo‘lgan, 130 dan ortig‘i jarohatlangan.

Eslatib o‘tamiz, 17 mart kuni ukrainalik qochqinlar soni 100 ming kishiga ko‘payib, 3,16 million kishini tashkil qilgan edi.

BMT ma’lumotlariga ko‘ra, qochganlarning yarmidan ko‘pi Polshadan panoh topgan. Taxminan 500 ming kishi Ruminiyada, yana 350 ming kishi Moldovada, 280 mingdan ortig‘i Vengriyada, 230 ming kishi Slovakiyada, deyarli 170 ming nafari esa Rossiyada.

Rossiya-Ukraina urushi

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegaradagi tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.

Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.

Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

12

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing