TikTok 15,8 mln dollar miqdorida jarimaga tortildi
Olam
−
04 aprel 2023
7308Buyuk Britaniya hukumati ma’lumotlardan foydalanish bo‘yicha qonunni buzgani uchun TikTok'ni 15,8 million dollar miqdorida jarimaga tortdi. Bu haqda "Sky News" xabar berdi.
Ma’lum qiliishicha, Buyuk Britaniya qonunlari bo‘yicha ijtimoiy tarmoqda shaxsiy hisob yaratish uchun minimal 13 yoshga to‘lgan bo‘lish kerakligiga qaramasdan, platforma 2020 yilda ushbu yoshga yetmagan 1,4 million bolaga shaxsiy hisob yaratishga ruxsat bergan.
Shuning uchun, TikTok platformasi ma’lumotlarni himoya qilish qonunchiligini buzganlik, jumladan, 13 yoshgacha bo‘lgan bolalarning shaxsiy ma’lumotlaridan ota-ona roziligisiz foydalanganlikda ayblanib, 12,7 million funt sterling yoki 15,8 million dollar miqdorida jarimaga tortilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH Kongressi Vakillar palatasi mamlakat oliy qonun chiqaruvchi organi a’zolari va xodimlarining rasmiy gadjetlariga TikTok ilovasini o‘rnatishni man etgandi. Mamlakat hukumati ushbu ilova ustidan nazorat Xitoy hukumati qo‘lida ekanini aytib, uni milliy xavfsizlik uchun xavf sifatida ko‘rmoqda. Joriy yilning mart oyi boshida Oq uy ma’muriyati ham uning bloklanishini qo‘llab-quvvatlagandi. Shvetsiya Mudofaa vazirligi esa harbiy xizmatchilarning xizmat telefonlariga ushbu ilovani o‘rnatishni taqiqlagan edi.
Ma’lumot uchun, xavfsizlik bilan bog‘liq xavotirlar tufayli TikTok'ni bloklagan davlatlar ro‘yxatida Fransiya, Daniya, Niderlandiya va Norvegiya kabi Yevropa Ittifoqi mamlakatlari ham bor. Afg‘oniston va Pokiston esa ilovani "axloqsiz kontentni targ‘ib qilgani" uchun taqiqlagan. Rossiyada ham 2022 yilda ilova "besoqolbozlikni targ‘ib qilgani" uchun uning egasi bo‘lgan TikTok Pte Ltd kompaniyasi 3 million rubl miqdorida jarimaga tortilgan. Shuningdek, TikTok ilovasi O‘zbekiston hududida ham hamon blokda qolmoqda.
Nodirjon Madaminov
LiveBarchasi