Tesla gumanoid robotlar ishlab chiqarishni ko‘paytiradi
Texnologiya
−
29 yanvar 1567 2 daqiqa
Tesla rahbari Ilon Mask kompaniya Model S va Model X elektromobillarini ishlab chiqarishni bosqichma-bosqich to‘xtatib, zavod gumanoid Optimus robotlarini ishlab chiqarishga moslashtirilishini ma’lum qildi. Bu haqda u investorlar bilan bo‘lib o‘tgan suhbatda so‘z ochgan.
“Mohiyatan, Model S va X dasturlarini yakunlash vaqti keldi”, deydi Mask.
Uning aytishicha, Tesla kelasi chorakda Model X krossoveri va Model S to‘liq o‘lchamli sedanini ishlab chiqarishni qisqartirishni rejalashtirmoqda. Kaliforniyadagi Frimont zavodi – hozirgacha Model S va X ishlab chiqarilgan korxona – gumanoid Optimus robotlarini ishlab chiqarish uchun qayta jihozlanadi.
Shuningdek, Mask investorlarni 2025 yilda Tesla’ning umumiy tushumi 3 foizga kamaygani, yilning so‘nggi uch oyida esa foyda 61 foizga qisqargani haqida xabardor qilgan.
Yanvar oyida Xitoyning BYD kompaniyasi Tesla’ni ortda qoldirib, dunyodagi eng yirik elektromobil ishlab chiqaruvchisiga aylandi.
Bundan tashqari, Maskning siyosiy faolligi Tesla’ning ayrim mijozlarini uzoqlashtirdi: dunyoning turli mamlakatlarida kompaniya dilerlik markazlari oldida norozilik namoyishlari bo‘lib o‘tdi.
Tesla’ning elektromobillarga qaratilgan avvalgi asosiy e’tiboridan voz kechishi AQSH Prezidenti Donald Trampning ichki yonuv dvigatelsiz avtomobillarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan ayrim davlat dasturlarini qisqartirish qarori bilan bir vaqtda sodir bo‘ldi.
Bir vaqtlar dunyodagi eng foydali avtokompaniyalardan biri bo‘lgan Tesla hozir tobora robotaksi yo‘nalishini ham faol rivojlantirmoqda. Investorlar bilan muloqot chog‘ida Mask Tesla o‘ziga tegishli bo‘lgan xAI sun’iy intellekt startapiga 2 milliard dollar miqdorida sarmoya kiritganini ham ma’lum qilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq hozirda jahon bozoridagi odamsimon robotlarning 80 foizdan ortig‘i Xitoy hissasiga to‘g‘ri kelayotgani haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi