Tesla salto otadigan g‘ayrioddiy sportkarni taqdim etdi (video)
Texnologiya
−
11:22 730 2 daqiqa
Toshkent vaqti bilan bugun, 16 oktyabr kuni Tesla kompaniyasi SpaceX dvigatellari bilan jihozlangan yangi toifadagi Roadster elektr sportkarini namoyish etdi. Taqdimot Texasdagi sinov poligonida bo‘lib o‘tdi. Jarayon kompaniya saytida jonli efirga uzatildi.
Uchar avtomobillar uzoq vaqt davomida ilmiy fantastika va komikslarning bir qismi bo‘lib kelayotgan edi, ammo endi bunday texnologiyani Ilon Mask Texas shtatining Makgregor shahrida taqdim etdi. Kompaniya bayonotiga ko‘ra, Roadster soatiga 0 dan 100 kilometrgacha bo‘lgan tezlikni bir soniyadan kamroq vaqt ichida oladi va to‘siqlar ustidan tom ma’noda uchib o‘tib, ularni yengib o‘tishga qodir.
Kompaniya tomonidan X tarmog‘ida e’lon qilingan tasvirlarda Roadster to‘g‘ridan to‘g‘ri ketma-ket tizib qo‘yilgan beshta avtomobil tomon harakatlanadi. Yaqinlashib qolgan lahzada u kuzov ostida joylashgan purkagichlar orqali siqilgan gazni chiqaradi, buning evaziga havoga ko‘tariladi, to‘siq ustidan uchib o‘tadi va tryukni bajaradi. Biroq sinov paytidagi tryuklarni bajarish vaqtida avtomobil ichida haydovchi bo‘lmagan.
Avtomobil Tesla va SpaceX hamkorligida ishlab chiqilgan. Siqilgan gazda ishlaydigan raketa tezlatkichlaridan tashqari, Roadster kuzov ostida ventilyatorlar tizimini ham olgan. U avtomobilni yo‘lga bosib turishi va qoplama bilan ishqalanishni yaxshilashi kerak.
Mask, shuningdek, avtomobilning seriyali versiyasi bundan ham tezroq bo‘lishi mumkinligini aytgan. Ishlab chiqarishni boshlash 2028 yilga rejalashtirilgan. Shu bilan birga, tadbirkor Roadster’dan foydalanishga hamma mamlakatlarda ham jamoat yo‘llarida ruxsat berilmasligi mumkinligini bildirgan.
U, shuningdek, avtomobil ko‘plab mamlakatlarda umumiy foydalanishdagi yo‘llarda yurish uchun noqonuniy deb topilishi mumkinligini ham aytib o‘tgan.
Ma’lumot uchun, yangi Tesla Roadster konseptini kompaniya ilk bor 2017 yilning noyabr oyida ko‘rsatgan. Dastlab Tesla elektr sportkarini yetkazib berishni 2020 yilda boshlashni rejalashtirgan edi, biroq muddat bir necha bor kechiktirildi.
Ilgari Ilon Mask avtomobilni SpaceX texnologiyasi bilan jihozlash imkoniyati haqida ham gapirgan. Gap siqilgan gazda ishlaydigan raketa tezlatkichlari tizimi haqida borgan bo‘lib, u tezlashishga yordam berishi va mashinaga ajoyib manyovrlarni bajarishga imkon berishi kerak edi.
2021 yilda “The Joe Rogan Experience” podkastida Mask hatto Roadster yerdan ozgina balandlikda muallaq turib qolishi mumkinligini ham istisno etmagan.
Joriy yilning oktyabr oyida kompaniya teskari sanoq taymeri va Roadster yozuvi tushirilgan post joylashtirdi. Teskari sanoq 10 oktyabr kuni yakunlanishi kerak edi, ushbu sana taqdimot kuni deb taxmin qilingandi, ammo, ko‘rinishidan, u 16-sanaga surilgan.
Live
Barchasi