“Ilmiy fantastika haqiqatga aylanmoqda". SpaceX $100 milliardlik kosmodrom quradi

Olam

image

SpaceX AQSHning Luiziana shtatida qiymati 100 milliard dollar bo‘lgan yangi kosmodrom qurishni rejalashtirmoqda. Bu haqda “Fortune” xabar berdi.

Qayd etilishicha, kosmodrom Vermilion Parish hududidagi Pekan orolida, qariyb 125 ming akr maydonda barpo etiladi. Qurilish ishlari 2027 yilda boshlanishi, ilk uchirish esa 2029 yildayoq amalga oshirilishi mumkin. Starbase Louisiana deb nomlangan ushbu majmua kompaniyaning eng yirik kosmik uchirish bazasiga aylanishi kutilmoqda.

Loyiha to‘liq yakunlangach, hududda beshta uchirish majmuasi va jami 10 ta uchirish maydonchasi, 12 dan ortiq uchirish minorasi, yoqilg‘i ishlab chiqarish va saqlash ob’ektlari, elektr energiyasi ishlab chiqarish inshootlari hamda xodimlar uchun turar joylar tashkil etiladi.

SpaceX rahbari Ilon Maskning aytishicha, yangi kosmodrom kuniga 30 dan ortiq Starship raketa parvozini amalga oshirish imkonini beradi.

“Starbase Louisiana oxir-oqibat 12 dan ortiq uchirish minorasiga ega bo‘ladi. Bu kuniga 30 dan ortiq Starship parvozini amalga oshirish imkonini beradi va uni Yer yuzidagi eng yirik uchirish maydoniga aylantiradi. SpaceX ilmiy fantastikani haqiqatga aylantirmoqda”, deb yozgan Mask X tarmog‘ida.

Qayd etilishicha, Luiziana rasmiylari loyiha doirasida kelgusi 10 yil ichida 3 mingdan ortiq to‘g‘ridan-to‘g‘ri ish o‘rni yaratilishini kutmoqda. Qo‘shimcha ish o‘rinlari bilan birga bu ko‘rsatkich 11 mingdan oshishi ham mumkin.

Manbaga ko‘ra, SpaceX kosmodromdan Starship raketalarini uchirishdan tashqari, Oy va Marsga missiyalar yuborish hamda orbital ma’lumotlar markazlari uchun sun’iy yo‘ldoshlarni joylashtirishda foydalanishni rejalashtirmoqda.

Ma’lumot uchun, SpaceX ayni paytda Texasda ham bir nechta yirik loyihalarni amalga oshirmoqda. Kompaniya u yerda Starship raketalarini ishlab chiqarish uchun Gigabay majmuasi hamda yarimo‘tkazgichlar ishlab chiqaruvchi Terafab zavodini qurmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq SpaceX aksiyalari savdosi bilan shug‘ullangan investitsiya platformasi kompaniyaning 4 400 nafar xodimi muvaffaqiyatli IPO’dan so‘ng millionerga aylanishini ma’lum qilgan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing