Starlink vasvasasi: Mask yoki Tramp, kimning qo‘li bor?

Tahlil

−

Reklama
0:00

Starlink Ukraina uchun nafaqat internetga ulanish tizimi, balki harbiy va razvedka masalalari uchun hayot-mamot masalasidir. Klassik hujum metodlaridan farqli o‘laroq, dron tizimlaridan foydalanish, raketa hujumlarini aniqlash, kiberxavfsizlik va harbiy aloqani muntazam ravishda ta’minlash uchun Kiyevga aynan Ilon Mask asos solgan SpaceX loyihasining past orbitali sun’iy yo‘ldoshlari nihoyatda muhimdir.

Ammo, so‘nggi vaqtlarda AQSH hukumati bilan gapi-gapiga to‘g‘ri kelmay qolgan Ukrainaning Starlink bilan bog‘lanishlarda ham muammolarga uchray boshlashi urush trayektoriyasiga jiddiy ta’sir eta boshladi. Qizig‘i, kompaniya rahbari Ilon Mask barcha muammolarning ildizi sifatida Oq uyni ko‘rsatmoqda.

Ukrainaga Starlink nega kerak?

Hamma narsa kabi urushlar ham murakkablashib ketdi. Zamonaviy urushda dron, raketa yoki artilleriyaning o‘zi yetarli emas. Ularni samarali ishlatish uchun razvedka ma’lumotlarini tezkor uzatish, harbiy bo‘linmalar o‘rtasida aloqa o‘rnatish va nishonlar haqidagi axborotni real vaqt rejimida yetkazish kerak. Ukrainada bu vazifalarning muhim qismini AQSHning SpaceX kompaniyasi ishlab chiqqan Starlink sun’iy yo‘ldosh interneti bajarib kelmoqda. Uning harbiy ehtiyojlarga moslashtirilgan Starshield tizimi esa himoyalangan aloqa va boshqa maxsus vazifalarni bajarishga mo‘ljallangan.

Starlink – Yerga nisbatan past orbitada harakatlanadigan minglab sun’iy yo‘ldoshlar orqali internet uzatadigan tizim. Uning asosiy ustunligi shundaki, aloqa uchun an’anaviy yer usti infratuzilmasiga to‘liq tayanish shart emas. Elektr ta’minoti mavjud bo‘lgan hududda maxsus terminal orqali internetga ulanish mumkin. Rossiya bosqini boshlanganidan ko‘p o‘tmay, Ukraina ushbu texnologiyadan keng foydalanishga kirishdi. Rossiyaning kiberhujumlari va aloqa infratuzilmasiga yetkazgan zarari sharoitida Starlink harbiy bo‘linmalar, davlat idoralari va fuqarolik ob’ektlari uchun muhim aloqa vositasiga aylandi. AQSHning Strategik va xalqaro tadqiqotlar markazi ma’lumotiga ko‘ra, urushning dastlabki yillarida Ukrainaga 50 mingdan ortiq Starlink terminali yetkazilgan.

Ammo Starlink shunchaki Wi-Fi tarqatuvchi qurilma emas. Masalan, razvedka droni dushman pozitsiyasini aniqlashi, uni markazga yetkazishi va ayni paytda berilgan buyruq doirasida harbiy amaliyotlarni amalga oshirishi uchun tomonlar o‘rtasida uzviy aloqa bo‘lishi kerak. Starlink esa aynan shu ma’lumot almashinuvini muqobil vositalarga nisbatan tezroq va aniqroq amalga oshiradi.

“Reuters” nashrining iyul oyidagi xabarida Ukraina Rossiya fronti ortidagi ta’minot yo‘llari, yonilg‘i omborlari, havo mudofaasi ob’ektlari va qo‘mondonlik markazlariga qarshi o‘rta masofali dronlar bilan zarbalarni kuchaytirganini yozdi. Bunday qurilmalar front chizig‘idan o‘nlab kilometr uzoqlikdagi nishonlarga yetib borishi mumkin. Starlink esa dronlarning parvoz davomida operator bilan bog‘lanib turishiga yordam beradi.

Starlink tarmog‘i negizida yaratilgan Starshield esa undan farqli vazifalarga ega. Bu SpaceX kompaniyasining AQSH hukumati va harbiy tuzilmalari ehtiyojlari uchun ishlab chiqilgan yo‘nalishi bo‘lib, himoyalangan aloqa, Yer yuzasini kuzatish va turli sensorlarni sun’iy yo‘ldosh tizimlariga integratsiya qilish kabi imkoniyatlarni nazarda tutadi.

O‘tgan 2022 yilda Ilon Mask Ukrainaga Starlink orqali aloqani ta’minlashga yordam bergan bo‘lsa-da, Qrim yaqinidagi Rossiya harbiy-dengiz kuchlariga qarshi rejalashtirilgan operatsiya uchun Starshield xizmatidan foydalanish imkonini bermagan. Mask bunday qaror ortida mojaroning yanada keskinlashishi va yadroviy eskalatsiya xavfi borligini bildirgan.

Cheklov

So‘nggi kunlarda Donald Tramp Zelenskiyga jiddiy bosim o‘tkazishni boshladi. Tarmoqlarda e’lon qilingan keskin postlardan tashqari, dizel oldi-sotdisini qayta yo‘lga qo‘ygan AQSH rahbari Rossiyaning energetik tuzilmalariga hujum qilmaslik shartini ham qo‘ydi. Biroq Kiyev uchun endi orqaga yo‘l yo‘q, hujumlar davom etishi kerak edi.

Shu sababli Trampning tahdidomuz talablaridan so‘ng ham Ukraina kuchlari Rossiya neft-gaz tuzilmalariga hujumlarni davom ettirdi. Bu esa Vashington va Kiyev o‘rtasidagi munosabatlarning sovuqlashishiga olib keldi. Oq uy hatto razvedka ma’lumotlarini almashinishni ham to‘xtatib qo‘ydi.

Ammo bu hali boshlanishi edi. 2026 yil 14 oktyabrda Ukraina harbiylari ayrim dronlar soatiga 160 kilometrdan yuqori tezlikda harakatlanganda aloqani yo‘qotayotganini ma’lum qildi. Natijada Rossiya hududlari va bosib olingan yerlardagi nishonlarga qarshi ishlatiladigan dronlar hamda Rossiyaning tezkor hujumkor dronlarini tutib qoluvchi qurilmalar faoliyati izdan chiqdi. Kiyev uchun muammo shundaki, gap shunchaki internetning sekinlashishi haqida emas, balki harbiy texnikaning muhim aloqa kanaliga kirish imkoniyati cheklangani haqida bormoqda.

Ukraina rasmiylari cheklovlar haqida oldindan ogohlantirilmaganini bildirdi. Prezident Vladimir Zelenskiyning harbiy texnologiyalar bo‘yicha maslahatchisi Sergey Beskrestnovning aytishicha, kutilmagan o‘zgarish bir nechta harbiy missiyaning barbod bo‘lishiga olib kelgan. U bu hodisani shunchaki tasodif deb qabul qilishga shoshilmaslik kerakligini ta’kidladi.

“Men tasdiqlaymanki, bugun tunda SpaceX kompaniyasi harakat vaqtida Starlink terminallari ish tezligiga cheklov joriy etdi… Ma’lumki, ushbu harakat tasodif bo‘la olmaydi va joriy siyosiy vaziyat bilan bog‘liq”, deb yozdi u o‘zining Telegram kanalida.

Zelenskiy ham vaziyatdan jiddiy xavotir bildirdi. Ukraina prezidenti buni aniq tasdiqlamagan bo‘lsa-da, AQSH bilan munosabatlarda yuzaga kelgan vaziyatdan noroziligini yashirmadi. U hamkorlikdagi muammoni shaxsiy hissiyotlardan kengroq masala deb atab, kuchli hamkorni yo‘qotish xavfiga e’tibor qaratdi. Zelenskiy, shuningdek, Mask jamoasidan xizmatni to‘liq tiklashni so‘radi.

“Gap faqat hujum haqida emas, bu insonlar hayotini saqlab qolish haqida hamdir. Negaki, hujumlar to‘liq qaytarib qolinmadi, bizda razvedka ma’lumotlari yo‘q edi, bizda bu ma’lumotlarni olish mumkin bo‘lgan Starlink’ka ulangan dronlar yo‘q edi”, dedi u.

Ilon Mask esa mas’uliyatni o‘z kompaniyasidan AQSH hukumatiga ag‘dardi. SpaceX rahbari X ijtimoiy tarmog‘ida Starshield tizimining maqomi va undan foydalanish shartlarini tushuntirdi. Uning bayonotiga ko‘ra, tizim AQSH hukumatiga tegishli va uning nazoratida bo‘lib, tezlik yoki foydalanishga qo‘yiladigan cheklovlarni Amerika harbiylari va yakunda prezident belgilaydi.

Shuningdek, Mask Starlink SpaceX boshqaruvidagi tijoriy xizmat ekanini, undan foydalanish fuqarolik yoki mudofaa faoliyati bilan cheklanishini ta’kidladi. Starshield bilan bog‘liq har qanday cheklov uchun hukumat va uning rahbari aybdor ekanini yozdi.

“Starshield tizimlari AQSH hukumatiga tegishli va ular tomonidan nazorat qilinadi. Tezlik yoki foydalanish bo‘yicha har qanday cheklovlar AQSH harbiylari va oxir-oqibat AQSH prezidenti tomonidan belgilanadi”, dedi Mask Donald Trampga ishora qilib.

Shuningdek, SpaceX rahbari Ukrainani doimo qo‘llab-quvvatlashini bildirgan.

“Reuters” agentligining 15 oktyabrdagi xabarida ikki amerikalik rasmiyga tayanib, Starshield faoliyatini cheklash haqidagi ko‘rsatma Oq uydan kelgani yozildi. Unga ko‘ra, Mudofaa vazirligi rahbariyatiga Ukraina harbiylari foydalanadigan xizmatni sekinlashtirish kerakligi bildirilgan. Biroq ular bu qarorni Oq uyning aynan qaysi vakili qabul qilganini aytmagan.

Shundan kelib chiqib, aytish mumkinki, Starshield bilan bog‘liq muammolar qandaydir texnik uzilish emas, balki AQSHning Kiyevga navbatdagi bosim o‘tkazish vositasidir. AQSH prezidenti Rossiyadan yonilg‘i olishni boshlagan ekan, Zelenskiyning Rossiya energetik infratuzilmalariga qiladigan hujumlari, o‘z navbatida, Amerika manfaatlariga zid harakat deb baholangan bo‘lishi mumkin. Demak, Vashington Zelenskiyga “gap ta’sir qilmagach”, amaliy harakatlarga o‘tgan ko‘rinadi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing