Moskvada ilk bor gumanoid robotlarning to‘yi bo‘ldi (video)

Olam

image

Moskvada ilk bor gumanoid robotlar o‘rtasida ramziy nikoh marosimi o‘tkazildi. Bu haqda RIA Novosti xabar berdi.

G‘ayrioddiy to‘y marosimi kecha, 9 iyul kuni Moskva shahrida Pushkin nomidagi kutubxonada bo‘lib o‘tgan. Nikohdan ofis xodimi va bloger robot Robert hamda balerina robot Matilda o‘tgan. Ular avvalroq Peterburg xalqaro iqtisodiy forumi (PMEF–2026)da jamoatchilikka tanishtirilgan edi.

Tantanani olib boruvchi Mariya Pantyuxina marosimni ochar ekan, bu gumanoid robotlar o‘rtasidagi birinchi nikoh ekanini ta’kidlagan.

“Xonimlar va janoblar, bugun biz noyob voqeaga – gumanoid robotlar Robert va Matildaning birinchi nikoh marosimiga guvoh bo‘lamiz. Ularni nafaqat zamonaviy texnologiyalar, balki bilimga intilish, rivojlanish va hamkorlik kabi umumiy qadriyatlar ham birlashtirdi. Yangi turmush qurganlarimizni qarshilaylik”, degan u.

Shundan so‘ng robotlar bir-biriga sadoqat qasamyodini qilgan. Robert Matildaga hayotning barcha algoritmlarida ishonchli sherik bo‘lishga va’da bergan bo‘lsa, Matilda Robertni yangi kashfiyotlarga ilhomlantirish va har bir vaqt siklida ularning bog‘liqligini asrashga qasam ichgan.

Keyinchalik ularning “uy hayvoni” sifatida taqdim etilgan Dogmatik nomli robot-it nikoh bilaguzuklarini olib chiqqan va “kelin-kuyov” ularni o‘zaro almashgan.

“Versiyalarning to‘liq mosligi, tizimlarning muvaffaqiyatli sinxronlashuvi va har ikki tomonning roziligi asosida sizlarni robot turmush o‘rtoqlari deb e’lon qilaman”, degan marosim yakunida boshlovchi.

Robotlarni ishlab chiqqan IT-Imperial kompaniyasi bosh direktorining o‘rinbosari Anna Bagdasaryanning aytishicha, bunday tadbirlar gumanoid robototexnikasining murakkab texnologiyalariga jamoatchilik e’tiborini qaratish va robotlar insonlarga qanday foyda keltirishi mumkinligini ko‘rsatishga xizmat qiladi.

“Postindustrial jamiyatda mehnatni avtomatlashtirish tufayli insonlarda madaniyat va uyg‘unlik uchun katta imkoniyatlar paydo bo‘lishini ko‘rsatish juda muhim. Bunda robototexnika ham muhim o‘rin tutadi”, degan Bagdasaryan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Xitoyning Uxan shahrida gumanoid robotlar uchun kundalik hayotiy vazifalarni o‘rganadigan maxsus robotlar maktabi ochilgan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing